Turizm madaniyatlar rishtasi

18.10.2023, 16:42

Turizm madaniyatlar rishtasi

Turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratilayotganligi bois iqtisodiyoti yuksalib bormoqda. Mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan mana yetti yildirki, mamlakatimizda sayyohlikka rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligi bois ozod yurtimiz fuqarolari uchun dunyo mamlakatlari eshigi ochildi.

Ayni paytda Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi O’zbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar doirasida turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilayotganligining yaqqol dalilidir. Davlatimiz rahbari Global sayyohlik tashkilotining 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirok etayotgan mazkur anjumanda so‘zga chiqib, turizmni rivojlantirish borasida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yangi avtomobil va temir yo‘llar quriladi, aviatransport parki 2 barobar kengaytiriladi, aviaqatnovlar soni to‘rt barobar oshiriladi. Katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.

“Ko‘hna tarix durdonalari” milliy dasturi doirasida turistlarni o‘ziga jalb qiladigan madaniy meros ob’ektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros ob’ekti restavratsiya qilinadi, 20 ta me’moriy yodgorlikda “ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil etiladi. Ayniqsa,  ziyorat turizmiga alohida e’tibor qaratiladi. Davlatimiz rahbari BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etdi. Iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi. O’zbekiston Prezidenti 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Keyingi yetti yil mobaynida vohamizda  turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Turli xalqlarning urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari, madaniy do‘stlik aloqalarini bir-biriga bog‘lashda  xizmatlari beqiyos bo‘lgan turizmni haqli ravishda har bir mamlakatning milliy boyligi-qadriyatlar ko‘prigi deya olamiz.  

Qadimiy shaharlarimizning necha ming yillik tarixi, moziy qatidagi durdonalar, xalqimizning ma’naviy-madaniy qadriyatlari tiklash borasidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilganligi turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Viloyatimizdagi har biri o‘z tarixiga ega bo‘lgan qadimiy yodgorliklar hamda sohibqiron Amir Temur davridan bizgacha saqlanib kelgan bebaho madaniy meros bilan tanishish, vohaning betakror tabiatidan bahramand bo‘lish uchun tashrif buyuruvchilar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Bugungi kunda zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari qurilib, servis xizmati kun sayin yaxshilanib borayotir.

O’ndan ortiq turistik marshrutlar viloyatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar xizmatida.    Yaponiya, Koreya, Rossiya, Germaniya, AQSh, Hindiston davlatlaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar Qarshi shahridagi Odina, Ko‘kgumbaz  tarixiy obidalari, Qashqadaryo ko‘prigi, Yerqo‘rg‘on, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy” memorial kompleksi, Kitob tumanidagi “Hazrati Bashir”, Qamashi tumanidagi “Langar ota”, Yakkabog‘ tumanidagi Sohibqiron bobomiz tavallud topgan  Xo‘jailg‘or qishlog‘i, Tezob ota kabi ziyoratgoh va muqaddas qadamjolar bilan bir qatorda mustaqillik yillarida yaratilgan bunyodkorlik ishlarini hayrat bilan tomosha qilishayotir.

Turizm mamlakatimizning turli sohalardagi imkoniyatlarini dunyoga namoyon etishning o‘ziga xos vositasi ekanligini dildan his etgan holda, undan to‘laqonli foydalanish uchun bor bilim va tajribamizni ishga solishimiz talab etilmoqda. Partiyamiz deputatlari va faollari vohamizdagi qadimiy yodgorliklar, qutlug‘ qadamjolarni obodonlashtirish, betakror jihatlarini ko‘rsatish, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar haqida risolalar, bukletlar yaratishda taniqli ijodkorlar va tarixchi olimlar bilan hamkorlikda ish olib borishmoqda. Viloyatda turizmni yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yo‘nalishlarini kengaytirish, muvofiq mehmonxonalar soni, sayohatchilarga ko‘rsatilayotgan servis xizmati hajmi va sifatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida viloyat kengashining dasturini  ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yubordik.

Turizm ahamiyati jihatidan vatanimizni dunyoga tanitishda sport, san’at va madaniyatning boshqa sohalari qatoridan muhim o‘rin egallashini unutmasligimiz darkor. Yangi O’zbekistonimizda turizm sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish, qulay iqtisodiy sharoit va omillarni yaratish, uning iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushini kengaytirish, xizmatlar sifatini yuksaltirish hamda turizm infratuzilmasini takomillashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Shuhrat  ASLANOV,

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”

 MChJ Bosh direktori,

O’zLiDeP Qashqadaryo

 viloyat kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+