O’zbekistonning Xitoydagi “Yashil tashabbuslari”

20.10.2023, 09:56

O’zbekistonning Xitoydagi “Yashil tashabbuslari”

Joriy yilda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga o‘n yil to‘ldi. U  tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlariga ega bo‘ldi va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylandi. Ayni damda  ushbu g‘oya Xitoy Xalq Respublikasi Raisi tomonidan ilk bor 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda e’lon qilingani chuqur ramziy ma’noga ega.

Umuman olganda, O’zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish tarafdori. Xususan, har tomonlama strategik sheriklikni yangi davrda rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.  Keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar bor.

Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuksak texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O’zbekiston “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tarafdori.

O’zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarning bu va boshqa yutuqlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli  munosabatlarga asoslanadi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi  yakunlari ham o‘zaro munosabatlar yuksak daraja ekanining navbatdagi  dalilidir.

Tashrif  davomida XXR Raisi Si Szinpin, Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xunin bilan muzokaralar, boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar (Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Vo Van Txiong,  “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Venin,   "China CAMC Engineering" kompaniyasi raisi Van Bon, “China Energy Engineering Corporation” raisi Sun Xaylyan, “State Grid” kompaniyasi raisi Sin Baoan) bo‘lib o‘tdi.

“Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi,  Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida “Yashil ipak yo‘lini” birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yig‘ilish asosiy tadbirlardan bo‘ldi. Unda Shavkat Mirziyoyev ham nutq so‘zladi.

Forumda shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlar rahbarlari ham ishtirok etdi. 

Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston birinchilardan bo‘lib “Makon va yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi. Mamlakatimiz mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdori ekanligi bildirildi. Prezidentimiz “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantirishini ta’kidladi.

Xususan, O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirmoqda.

Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolbo‘yi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

O’zbekiston Prezidenti Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

Forum mamlakatimiz tomonidan boshqa tashabbuslarni surish maydonchasiga ham aylandi. Xususan,  Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O’zbekiston rahbari 2024 yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun – Samarqand muloqoti”ni tashkil etishda amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.

“Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini o‘z ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Kam  uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O’zbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qilindi. Shuningdek, O’zbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.

Xulosa o‘rnida shuni  qayd etamizki,  bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi yakunlari insoniyatning “yashil” kelajagini barpo etish yo‘lida muhim hissa bo‘ladi. Bu ayniqsa, mintaqamizda anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyat sababli yuazaga kelayotgani uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biriga aylanmoqda va “yashil” yechimlarga muhtoj.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    154
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+