Oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlash masalasi muhokamalar markazida bo‘ldi

07.11.2023, 14:49

Oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlash masalasi muhokamalar markazida bo‘ldi

Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shahar hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan Guliston shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘.Botirovning axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, ayni chog‘da Guliston shahri aholi soni 100,1 ming nafarni tashkil qilmoqda. Aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarning asossiz o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2023-2024 yillarda hududda asosiy turdagi qishloq xojaligi mahsulotlari kartoshka, piyoz, sabzi va guruchga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirish, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun Guliston shahar hokimligi va "Bunyodkor go‘sht-sut savdo invest" MCHJ bilan asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini jamg‘arish maqsadida shartnoma tuzilgan.

Asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha dehqon bozorida aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi hamda 4 ta ko‘chma savdo do‘koni (avtolavka) tashkil qilingan. Ushbu yarmarkaga jamg‘arilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan kunlik grafik asosida maqbul narxlarda savdoga chiqarib sotilmoqda.

Guliston shahrida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taminlash maqsadida 2023 yilning 9 oyi davomida 51,0 ming tonna bug‘doy, 272 tonna un mahsulotlari, 516 tonnaga yaqin chorva, 135 tonna boshqa oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan. Import qilingan bug‘doy va kungaboqar mahsulotlari qayta ishlanib aholiga un va yog‘ mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Sessiyada kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Guliston shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i A.G‘oyibnazarovning axboroti tinglandi.

A.G‘oyibnazarovga ko‘ra, Guliston shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2023 yil yanvar-oktyabr oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 103,7 foizga, xalq iste’mollari ishlab chiqarish 102,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 101,7, qurilish-pudrat hajmi 100,5, chakana tovar aylanmasi 102,4, xizmatlar esa 107,0 foizga o‘sishga erishilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha shu davrda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan Dasturda belgilangan 1548 nafar o‘rniga amalda 1550 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan vaqt ichida 10 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari tashkil etilib, unda 123 nafar fuqarolarga doimiy ishlarga joylashish uchun yo‘llanma berilgan. 117 nafar ishsiz fuqarolar esa kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish kurslariga yuborilgan.

Shu bilan birga, hokim yordamchilari tomonidan shahardagi 24 ta mahallalardagi 23387 ta xonadonlar o‘rganilib, natijada 1520 ta tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ishsiz aholini bandligi taminlash maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 33.7 mlrd.so‘m kreditlar ajratilgan. Bu orqali 146 ta ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi loyihalar ishga tushirilgan.

181 nafar ishsiz fuqarolarga o‘zini-o‘zi bandligini taminlash maqsadida 1034.0 mlrd.so‘m subsidiyalar ajratilgan bo‘lsa, ishsiz 530 nafar aholi hozirgi kunda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitilib malakasi oshirilgan.

O‘tgan davrda “Yoshlar balansi” asosida aniqlangan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlardan 1645 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ularni kasb-hunarga o‘rgatish, imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish hamda ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash natijasida 1257 nafar yoshlarga amaliy yordamlar ko‘rsatilib, “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan 6 mlrd. 266,5 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bundan tashqari, “Ayollar daftari” uchun o‘tkazilgan xatlov yakuniga ko‘ra, 30 yoshdan yuqori bo‘lgan jami 2214 nafar xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirilgan. Shundan 890 nafarining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand 151 nafar xotin-qizlarga 1 mlr.600 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Sessiyada joriy yilda eksport hajmining 2022 yilning ushbu davriga nisbatan sezilarli kamaygani, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarga nisbatan 61,5 foizga bajarilgani deputatlar tomonidan tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmagani, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan band qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari davlatimiz rahbarining Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning ahamiyati, mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Sessiyada deputatlar tomonidan kun tartibidagi masalalar yuzasidan ko‘plab savollar berildi va tegishli javoblar olindi.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+