Xalq ishonchi – yuksak mas’uliyat

07.11.2023, 18:08

Xalq ishonchi – yuksak mas’uliyat

Joriy yil 15 noyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘zining 20 yilligini nishonlaydi.

O‘tgan davr mobaynida partiya o‘ziga xos an’analari va qadriyatlari shakllanib, mamlakatimizdagi katta siyosiy kuchga aylanib ulgurdi.  

Partiyaning xalq ishonchini qozonib, mavqe va obro‘ga erishishida xalq noiblari bo‘lmish deputatlarimizning alohida o‘rni bor. Shuningdek, mahalliy Kengashlarda O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolarining soni saylovdan saylovga faqat oshib borayotgani ularning el ishonchini qozonayotganini ko‘rsatadi.  

Ayni paytda Xalq deputatlari Navoiy viloyat, tuman va shahar Kengashlarida partiyadan saylangan jami 112 nafar deputat faoliyat olib bormoqda.  

Deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri fuqarolar murojaatlari hamda qonunlar va hukumat qarorlarining ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari bilan murojaat etib, muayyan vazifalarni hal etishdir.  

Jumladan, ayni paytga qadar elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga O‘zLiDePdan saylangan deputatlar 397 ta deputatlik so‘rovini amalga oshirgan. Bu ko‘rsatgich 2022 yil 9 oyi yakuniga nisbatan 85 taga ko‘p deganidir (2022 yil 9 oyida bu ko‘rsatkich 312 tani tashkil etgan).  

Mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish davlat hokimiyatining vakillik organlari va aholi o‘rtasida o‘zaro mustahkam aloqani yo‘lga qo‘yishda eng ta’sirchan usullardan hisoblanadi. Unda hokim va uning o‘rinbosarlari, davlat hokimiyati boshqaruvining hududiy organlari rahbarlarining viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan ishlari keng muhokama etiladi.  

Partiya guruhlari va deputatlar tashabbusi bilan mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish 2023 yilning 3-choragida 43 taga yetib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 14 taga oshgan. Bu jarayonda Navoiy shahri, Qiziltepa, Konimex, Xatirchi va Karmana tumanlari partiya guruhlari mansabdor shaxs eshituvlarini maqsadli tashkil etgan.  

2023 yil 9 oyi davomida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi doimiy komissiyalari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlar kun tartibiga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan 62 ta masala kiritildi.  

Mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida mahallalardagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand va nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan ayollar va yoshlarga imkoniyat va sharoitlar yaratib berishda ko‘maklashilmoqda.  

Tashkilot va korxonalar, muassasalar va fermer xo‘jaliklarida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari samarasida bugun a’zolarimiz soni 63 ming 799 nafarga yetdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa 802 tani tashkil etmoqda.    

Partiyamiz tomonidan yoshlar bilan ishlash tizimimizni chuqur isloh qilish, bu boradagi faoliyatimizda yoshlarni o‘ylantirgan muammo va qiziqishlarni yaxshi anglagan holda harakat qilib, ularni islohotlarimizning haqiqiy lokomotiviga aylantirish vazifasi turibdi.  

Bugun yoshlar orasida partiyamiz faoliyatiga qiziqish nihoyatda katta. Buni joylarda o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda yoshlarning faol ishtirokidan ham ko‘rish mumkin.  

Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida partiyaning viloyat kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘limi va hududiy bo‘limlar tomonidan O’zLiDeP dasturi, Saylovoldi platformasi hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida 132 ta tadbir o‘tkazilib, 6,5 ming nafarga yaqin yoshning ishtiroki ta’minlandi.  

Bugun O‘zbekistonda ayollarni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni butun dunyo kuzatib turibdi. Albatta, a’zolarining qariyb 40 foizini ayollar tashkil qiluvchi partiyamiz bu borada o‘ziga mos bo‘lgan harakat strategiyasiga ega.

“Ayollar qanoti” tomonidan ishlab chiqilgan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori” loyihalari ijobiy natijalar bermoqda.  “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining yakuniy natijalariga binoan, o‘tgan davr ichida navoiylik xotin-qizlarning ko‘plab vakillari peshqadamlikni egallab, tijorat banklaridan ajratilgan imtiyozli kreditlarni olishga ham musharraf bo‘lishdi. Partiyamiz elektorati, deputatlarimiz yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida shijoat bilan mehnat qilmoqda. O‘ylaymanki, kelgusida ham o‘zimizga yuklatilgan yuksak mas’uliyatni yanada teran his qilib, xalq ishonchini qozongan holda bu boradagi ezgu ishlarimizni to‘xtatmaymiz.

Yashin Dushanov,

O‘zLiDeP Navoiy viloyati kengashi raisi.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+