Murojaatlar ortida inson taqdiri bor

30.11.2023, 09:58

Murojaatlar ortida inson taqdiri bor

O’zbekiston Respublikasi Preziden­tining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi, shuningdek, barcha darajadagi vazirlik va idoralar mansabdor shaxsla­rining aholi murojaatlari bilan ishlash mexanizmi yaratilgani, hududlarda rah­barlar bilan jonli muloqotlar, sayyor va telefon orqali qabullar, onlayn muroja­at hamda takliflar qabul qilish yo‘lga qo‘yilgani diqqatga sazovordir. Bu esa xalq manfaatlari ustuvorligini ta’minlash­ga, muammolarni hal qilish mumkinligiga umid va ishonch uyg‘otmoqda.

Davlat idoralari mutasaddilari quyi tizimga tu­shib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshlagani ham bejiz emas. Muhimi, jismoniy va yuri­dik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan dolzarb masalalarning tahlili islohotlarga asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat organla­rining aholi bilan muloqotini takomillashtirish bora­sida ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning muroja­atlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. “O’zbekiston - 2030” strategiyasida xalq bilan muloqotni yanada kengay­tirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar belgilandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning hal etilayotganligi holati to‘g‘risida”gi axboroti eshitilgani ham yuqorida ta’kidlangan yaxlit jarayonning bir qismidir. Zotan, unda aholi murojaat­lari bilan ishlashning hozirgi ahvoli vazirlik kesimi­da atroflicha muhokama qilindi.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 2018-2022 yillar  davomida sezi­larli ravishda ko‘payib, hozirda 200 tadan ortiqni tashkil etmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 86 ta, boshqa hududlarda 113 ta OTM mavjud. Shundan davlatga qarashli OTMlar soni 114 tani tashkil etsa, nodavlat va xorijiy OTMlar soni 87 taga yetdi.

Ayni paytda, tabiiyki, oliy ta’lim bilan qamrab olish ulushi ham oshib boryapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan olti yil ichida respublikada yoshlarni oliy ta’­limga qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga osh­gan. 2026 yilda bu ko‘rsatkich 50 foizga yetkazilishi re­jalashtirilgan.

Albatta, talabalar sonining ortishi ijobiy holat bo‘lib, bu inson kapitalini, ya’ni har bir yetuk kadrning bilim va tajribasi jamiyat, yurt ravnaqi hamda rivoji yo‘lida sarflanishi quvonarlidir. Shu bilan bir qator­da ushbu sohada murojaatlarning ko‘payishi, ular bilan ishlashning yangi, tezkor va innovatsion usullarini ama­liyotga joriy etilishini talab qiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizi­mida murojaatlarni intensiv ko‘rib chiqish tizimi yo‘l­ga qo‘yilgan bo‘lib, ishonch telefonlari va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Aholi muro­jaatlarini ko‘rib chiqish jarayonida qonuniy talablarga to‘la rioya etilishini monitoring qilish bo‘yicha mavjud holatni haftada ikki marotaba tahlil etish amali­yoti yo‘lga qo‘yilgan. Murojaatlarni ijobiy hal etish ko‘rsatkichini oshirish hamda takroriyligining oldini olish maqsadida ularni bevosita murojaatchi ishtiroki­da ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 9 oyida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 10 624 ta murojaat kelib tush­gan bo‘lib, ularning salmoqli qismi ijobiy hal qilin­gan bo‘lsa, ayrimlariga huquqiy ma’lumot berilgan, 29 tasining ko‘rib chiqilishi tugatilgan, 4471 tasi hududiy idoralarga, 418 tasi esa tegishli vazirliklarga yubo­rilgan.

Bu borada murojaatlarning 50 foizdan ortiqroq qismini vazirlik markaziy apparatida emas, balki joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqish tizimi joriy etil­ganligi, ularni joyida o‘rganish uchun zarurat bo‘lmagan­da esa fuqaro bilan telefon orqali bog‘lanib, barcha sa­vollarga to‘liq javob berilayotganini qayd etish lozim.

Fuqarolar tomonidan eng ko‘p yo‘llanayotgan masala­lar hamda ularning hududlar kesimidagi dinamikasiga ko‘ra, vazirlik rahbariyatining sayyor qabullarini tash­kil etish, tizimga oid muammo, kamchilik va takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka yuborish maqsadida ochiq mu­loqot portali (taklif.edu.uz) ishga tushirilgan.

Aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natija­sida talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlardan ko‘chi­rish 62,8 foizga, professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish va tiklash 38,9 foizga, talabalar safi­dan chetlatilganidan norozilik 30,2 foizga, talabalar stipendiyasi masalasi 29,1 foizga, talabalar o‘qishi­ni respublika hududida ichki ko‘chirish esa 27,6 foizga kamayishiga erishilgani ijobiy holat, albatta. Biroq jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan mu­rojaatlar bilan ishlashda ularning har birining orti­da inson, uning manfaatlari har narsadan ustunligi va ajralmas huquqlarini himoya qilish masalasi turgani­ni, bu boradagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish dolzarbli­gini ham alohida ta’kidlash joizdir.

Gulshana XUDOYOROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    88
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+