Ishchi guruh o‘rganishi: Hazoraspda 359 nafar xotin-qizlar imtiyozli kreditlar olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan

01.12.2023, 15:20

Ishchi guruh o‘rganishi: Hazoraspda 359 nafar xotin-qizlar imtiyozli kreditlar olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan

“O’zbekiston-2030” strategiyasining 25-maqsadida Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash belgilangan. Bu borada “Ayollar daftari” asosida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida Hazorasp tumanida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumanda yoshlar va ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’analari asosida hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni targ‘ib etish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, pillachilik sohasida kasanachilikni kengaytirish  orqali bandlikni ta’minlash keng yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xotin-qizlar tomonidan tuman hokimligiga kelib tushgan murojaatlar o‘z navbatida birma-bir ko‘rib chiqilib, hal qilinmoqda.  Ya’ni, tumanda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, bandligini ta’minlash maqsadida "Ayollar daftari" ga kiritilgan 5873 nafar xotin-qizlarning 583 nafari tanlagan hunarlari bo‘yicha o‘quv kurslariga o‘qitildi. Shundan, 359 nafar xotin-qizlar imtiyozli kreditlar olib, o‘z biznesiga ega bo‘ldilar.

Hazorasp tumanida xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi vakillari, Xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. 

Dastlab, tuman hokimi o‘rinbosari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Muhayyo Nurullayevaning hisoboti tinglandi. Shundan so‘ng, partiya vakillari joylarga chiqib ayollar bandligini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarni o‘rgandilar.

Ilk manzil tumanning “Yangi hayot” mahallasida istiqomat qiluvchi Nasiba Aminova xonadoni bo‘ldi. N.Aminova ishsiz yoshlardan. O’zini o‘zi band qilish va tikuvchilik hunarini puxta egallash maqsadida qilgan murojaati e’tibordan chetda qolmadi. Dastavval kasb-hunarga o‘qitilib, tikuv mashinasi subsidiya asosida olib berildi. Mazkur tikuv mashinasi partiya vakillari guvohligida N.Aminova xonadoniga yetkazildi. “Yuqori Shovot” mahallasida yashovchi Olmaxon Boboayeva ham yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganlardan.  Bugun u 30 dan ortiq shogirdlar tayyorlab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini mahalladagi xotin-qizlarga doimiy amaliyotda o‘rgatib kelmoqda.

Shu mahallada yashovchi Salima opa Qurbanova o‘z tomorqasida mo‘jazgina issiqxona tashkil etib, 20 xildan ortiq gul navlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Mahalla xotin-qizlar faoli ko‘magida subsidiya asosida issiqxona qurilib berilgan. Onaxon gullarni parvarish qilish sirlarini o‘z tomorqasida gulchilik tashkil qilishni istagan xotin-qizlarga o‘rgatib kelmoqda.

Xulosa o‘rnida aytganda, bugun tumanda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, shu orqali  oilasining moddiy daromadini yaxshilash va bandligini ta’minlashga harakat qilayotgan  ayollarimiz  e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda mamnun. Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ayol-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarli qilish, bandligini ta’minlash, ularning jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni bevosita amalga oshirishda oila va xotin qizlar bo‘limlarining va mahallalardagi xotin-qizlar faollarining xizmatlari beqiyos.  

  • Ko'rildi
    135
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+