Sog‘lom xalq yurt farovonligi va taraqqiyotini amalga oshiruvchi katta kuchdir

04.12.2023, 15:01

Sog‘lom xalq yurt farovonligi va taraqqiyotini amalga oshiruvchi katta kuchdir

Odam issiq jon, bir joyingiz og‘risa, ko‘zingizga hech nima ko‘rinmaydi, xursandchilik ham tatimaydi. Shu bois har bir inson o‘z salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Sog‘lig‘i muhofazasi uchun mamlakatda qanday shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan bo‘lsa, ulardan foydalanishga intiladi. Bu tabiiy hol albatta.

O’z navbatida, davlat esa fuqarolarning salomatligini saqlash bo‘yicha barcha choralarini ko‘radi. Mamlakatimizda ham shunday, “Inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalasi Yangi O’zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati hamda samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini, zamonaviy texnologiya hamda davolash usullarini keng joriy qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, tabiiyki, sohaga oid huquqiy hujjatlar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, ayniqsa, mamlakatimiz fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi ham qat’iy mustahkamlab qo‘yildiki, bu aholi o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga katta hissa qo‘shyapti.

Shu o‘rinda ushbu raqamga e’tibor qaratsak, 2016 — 2022 yillarda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘lar qariyb 4 barobar oshgan. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirilganini ko‘rish mumkin.

Birgina shu yilning o‘zida joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Tibbiy xizmatlar aholiga yaqinlashtirildi.

Tan olish kerak, avvallari murakkab operatsiyalar uchun chet elga bormay iloj bo‘lmasdi. Bu borada ham muammolar yig‘ilib qolgandi. Jumladan, yurakdagi operatsiyalar haqida ham xuddi shunday fikrni aytish mumkin. Ayniqsa, bolalardagi yurak kardiojarrohlik amaliyotlari to‘g‘risida alohida to‘xtalish joiz. Bundan 8-9 yil oldin biz yiliga 300 ta bolaning, bu kuniga bitta boladan to‘g‘ri keladi, yuragida amaliyot bajara olardik. Buyam faqat Toshkent shahrida, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilardi. Mana, bugunga kelib 2,5 mingta yurak operatsiyasini, nafaqat Toshkent shahrida, hatto viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham bajarilyapti.

Bu hali hammasi emas. Yurtimizda faqat shu vaqtga qadar bemorlarga qaysi tibbiy xizmat bepul ko‘rsatiladi, qanday dorilar tekin beriladi, degan savollar oydinlashtirilmagan edi. Keyingi yillarda bu yo‘nalishda ham talay ishlar olib borildi. Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va tug‘uruqxonalarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati belgilandi. Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, endilikda bemorlarga jami 520 ta tashxis, 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 27 ta operativ davo hamda 76 ta tibbiy buyumlar davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.

Yana bir hayotiy misol. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik fuqarolarimiz imtiyozli yo‘llanma (order) asosida davolanish uchun ne-ne qiyinchiliklarga duch kelardi. Yurtdoshlarimiz order olish uchun mutasaddi vazirliklar eshigi oldida kunlab, oylab navbatda turardi. Prezidentimiz tashabbusi va tegishli qarorlari bilan bularga chek qo‘yildi. Bunday amaliyotdan to‘liq voz kechilib, ehtiyojmand aholi uchun, respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga o‘tildi.

Bunda yo‘llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi va bu davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi. Yangi tartib bo‘yicha fuqarolar ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni hatto nodavlat tibbiyot tashkilotlarida ham kafolatlangan paket doirasida bepul olish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Tibbiy xizmatlarga kafolat bo‘lmasa, fuqarolarda ushbu sohaga bo‘lgan ishonch yuqori bo‘lmaydi. Shu ma’noda, mamlakatimizda sohaning ushbu yo‘nalishiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Buni quyida keltirilgan fakt va misollar orqali ham anglab olish mumkin.

Umuman olganda, Prezidentimiz tibbiyot xodimlariga yo‘llagan bu yilgi bayram tabrigida ta’kidlanganidek, Yangi O’zbekistonda inson qadri va manfaatlarini ta’minlashni o‘z oldimizga ezgu maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bu yo‘lda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi tabiiydir.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    82
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+