Yangi Konstitutsiya – barqaror taraqqiyot kafolati

04.12.2023, 15:02

Yangi Konstitutsiya – barqaror taraqqiyot kafolati

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, uni to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi tadbirkorligini rivojlantirish,  buning uchun qulay biznes sharoiti yaratish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi.

Aytish mumkinki, bunda yangilangan Konstitutsiyamizda tadbirkorlik faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlangani, yerga nisbatan xususiy mulk huquqining e’tirof etilishi qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va fuqarolar uchun yangidan yangi imkoniyatlarni ochib berdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 67-moddasiga “Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga haqli” degan mazmundagi tom ma’noda asos soluvchi normaning kiritilishi orqali mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi. Mazkur norma tadbirkorlik faoliyatini samarali yuritishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, tadbirkorlarni qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanligini belgilanishi, daromad olish asosiy maqsadi bo‘lgan tadbirkorlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish huquqini konstitutsiyaviy kafolatladi. Darhaqiqat, kapital qayerda daromad olish imkoniyati bo‘lsa, shu tarafga qarab hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi shart. Bu bozor iqtisodiyotining oltin qoidalari sirasiga kiradi. Bunda, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish bo‘yicha qonun hujjatlarida ta’qiq qo‘yilmaganligi talab etiladi.

Ikkinchidan, o‘z faoliyat yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash huquqi tadbirkorlarga o‘z biznes strategiyalarini boshqa shaxslarni, davlat organi va uni mansabdor shaxslarini o‘zboshimchalik bilan aralashuvisiz o‘z xohishi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini berdi.

Konstitutsiyada kiritilgan mazkur qo‘shimchalar erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, davlatni tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga doir asosiy yondashuvini belgiladi. “Qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.

Bu esa o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi tadbirkorlarini ham erkin va samarali faoliyat yuritishi, biznes muhitini yaxshilash, ichki va tashqi savdo rivojlanishi, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ularning bandligini oshirishdek xayrli maqsadlarga xizmat qilishi tayin.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, agrar tarmoqning iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tutgan o‘rni beqiyos. Ayni shuning uchun ham yurtimizda ichki bozor va jahon bozorlari ehtiyojlari asosida rivojlanib boradigan an’anaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidan zamonaviy va samarali agrobiznesga o‘tish masalasi qo‘llab-quvvatlanmoqda.

2022 yil boshida mamlakatda 107 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritgan bo‘lsa, bu 2017 yilga nisbatan 40 foizdan ko‘proqni tashkil etgan.

Uzoq yillar mobaynida O’zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib kelgandi.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim” deb alohida ta’kidlanganligi qat’iy siyosiy iroda namunasi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 68-moddasida ilk marotaba “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin”,-degan muhim norma mustahkamlandi.

Bu bilan mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yerlarni ularni o‘zlari tomonidan xususiylashtirib olish imkoniyati yaratildi. Xususan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq fuqaro va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.

Yerni xususiy mulk sifatida fuqaroga tegishli bo‘lishi bilan xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasi mulkdori  yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi. Eng muhimi, bunday yerni davlat faqat mulkdorni roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan ayganda, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer begonalashtirilishi mumkin bo‘ladi. Bu yerda ham juda muhim konstitutsiyaviy norma inson va uning manfaatiga yonbosayotganini ko‘rish mumkin.

Bozor iqtisodiyoti yerni ham xususiy mulk asosida ularga tegishli bo‘lishini talab etadi. Shu bois, hech shubhasiz mazkur norma yangi Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy o‘zgarishlardan biri sifatida mulkchilik munosabatlari rivojiga xizmat qilishi muqarrar.

Muxtasar qilib aytganda, yangilangan Konstitutsiyamizda tadbirkorlik faoliyatining kafolatlanishi, yerni qonunga muvofiq xususiylashtirish mumkinligi belgilanishi tadbirkorlarimiz uzoq kutgan tarixiy adolatni yuzaga chiqardi. Qishloq xo‘jaligi tadbirkorlariga samarali faoliyat yuritishlarida huquqiy tayanch bo‘ldi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+