Tejamlining ishi bejamlidir

05.12.2023, 12:12

Tejamlining ishi bejamlidir

Suv – hayot manbai. Oddiy iste’moldan tortib, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan noz-ne’matlargacha, bunyod bo‘layotgan osmono‘par binolar-u, eng zamonaviy texnologiyalargacha, barcha-barchasini suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq, afsuski, tabiat tomonidan ato etilgan bebaho ne’mat hisoblanuvchi – suv zahiralri yildan yilga kamayib bormoqda.  

Ayni paytda dunyodagi ko‘plab davlatlar o‘zlarida mavjud resurslarning deyarli barchasidan maksimal darajada foydalanmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha o‘tgan asrning 60 yillariga qiyoslaganda dunyoda suvga talab ikki baravar ko‘paygan. Bunga aholi sonining ortishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning rivojlanishi ta’sir ko‘rsatdi. Iqlim o‘zgarishi sabab, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida aholi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlarining ta’kidlashlaricha hozirda Yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu masala muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi o‘zimizda, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida    2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi jami suv resursining 90 foizi foydalaniladigan qishloq xo‘jaligida yurtimizda bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri biznikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti. U ham bo‘lsa, suvni to‘g‘ri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga. Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha budjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kam. Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilayapti.

Shuningdek, majlisda sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.

Jumladan, kanal va ariqlarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Bu vazifalarning moliyaviy-tashkiliy jihatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berilar ekan, suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu bo‘yicha tajribasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi. Suv xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Sohada zamonaviy boshqaruvni joriy etish, suv hisobini yuritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar haqida mushohada yuritar ekanman, suvni tejash, uni isrof qilmasdan folydalanish har birimiz uchun ham qarz, ham farzligi ayon bo‘ladi. Shukrkim, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Inson va uning manfaatlari eng oliy qadriyat deb qaralayotgan islohotlar sabab, bugungi kunda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan mahallalar, xonadaonlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Yashirib nima qildik, yaqin yaqingacha ichimlik suvini falon pulga sotib olayotgan mahalllarda bugungi kunda jo‘mraklardan oqib yotgan suv, o‘ylamasdan isrof qilinmoqda. Boisi, tom ma’noda yurtimizda, boshqa mamlakatlarga soldishtirganda “suv tekin”.

Birgina misol, Jizzax viloyatidagi ko‘plab aholi maskanlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Biroq, bugun mazkur hududlardagi mahallalarda suvga bo‘lgan munosabatni ko‘rib, ichingiz achiydi. Ko‘chalardagi suv quvurlari jo‘mraklari ishdan chiqqanligi sababli, suv isrofgarchiligi katta. Toza ichimlik suvi sarflanayotgan mashina yuvish shaxobchalari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Afsuski, bunday holatni viloyatning barcha hududlarida kuzatish mumkin.

Ochig‘ini aytish kerak, toza ichimlik suvi narxining arzonligi ham ba’zi hollarda isrofgarchilikka sabab bo‘layapti. Oldimizda oqayotgan suvning qadri bo‘lishi uchun, uni xonadonlarimizgacha yetib kelishida sarflanayotgan mablag‘, sohada ishlayotgan odamlarning mehnatini qadrlash, ularning haqqini to‘liq uzishimiz ham qarz, ham farz.

Suv o‘z nomi bilan bebaho, U tekin emas. “Qanday ne’matni xor qilsang, unga albatta zor bo‘lasan”, – deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, suvni tejash, uning ortiqcha isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik suv tanqisligi muammosiga yechim topishdagi har birimizning qo‘shgan hissamiz ekanligini unutmaylik. Zero, tejamlining ishi bejamlidir.

Sherzod MAMATQULOV

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    110
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+