Yoshlarga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tariladi

04.01.2024, 11:43

Yoshlarga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tariladi

Mustaqillik yillarida hayotimizda ko‘plab xayrli an’analar o‘rin oldi. Ulardan biri – boshlanayotgan yilga oldimizda turgan ustivor vazifalardan kelib chiqqan holda nom berilmoqda. Eng muhimi, ushbu maqomga ham ohang ravishda puxta o‘ylangan, huquqiy va moliyaviy asoslangan holda davlat dasturi qabul qilinib, ijrosi ta’minlanmoqda. Aynan shuning uchun ham ko‘pchilik yil oxiridagi sarhisob onlarida kelgusi yilning qanday atalashini intiqib kutadigan bo‘ldi.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlangan 2023 yil mamlakatimiz solnomasiga zarhal harflar bilan yoziladigan voqea, hodisalarga boy bo‘ldi. Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan dasturilamal hujjat – “O’zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib,  ijrosini ta’minlashga kirishildi.

Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigida 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qildi va  xayrli ishlarimiz bu yilda ham izchillik bilan davom ettirilishi, inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish asosiy vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.  Bunday nomlanish xalqimizni, ayniqsa, aholining ko‘pchilik qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizni behad quvontirib yubordi. Aslida-ku, mamlakatimizda yoshlarga e’tibor, allaqachon  davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Bugun ozod va obod Vatanimizning munosib vorislari bo‘lmish yigit-qizlarimizga bilim olish, mehnat qilish, o‘zlari tanlagan soha sir-asrorlarini mukammal egallash, iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Demak, bu boradagi ishlar kelgusi yilda sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tariladi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida 1,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Butun respublikamizda bo‘lgani kabi, ularning 60 foizdan ko‘prog‘ini aynan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil qiladi. Quvonarlisi, “Vatan menga nima berdi, deb emas, balki men Vatanga nima berdim?!”, deb yashaydigan izdoshlarimiz safi ko‘payib bormoqda. Buni ularning fan, sport, san’at, adabiyot sohalaridagina emas, balki innovatsiya, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ham yuksak natijalar qayd etayotganida  ko‘rsak bo‘ladi.

E’tiborli tomoni, bu jarayonda O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi “Yoshlar qanoti” guruhi a’zolarining ham munosib o‘rni bor. Viloyatda maslakdosh yoshlar 54 270 nafarni tashkil qiladi, xususiy tadbirkorlar ham talaygina. Ular  partiyaning saylovoldi dasturi, “O’zbekiston – 2030” strategiyasida ilgari surilgan maqsad va vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ijrosini  ta’minlash choralarini ko‘ribgina qolmay, shaxsiy faoliyat va xulqi bilan ham o‘zgalarga ibrat bo‘lmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.

Yurtboshimizning e’tibor, g‘amxo‘rligiga javoban yoshlarimiz ham butun kuch va imkoniyatlarini jonajon Vatanimizning gullab yashnashiga sarf qilishlariga ishonamiz. Yangi yilda faol yigit-qizlar safi yanada kengayaversin.

Samandar ISLOMOV,

“Samandar shirinliklari”

oilaviy korxonasi rahbari,

“Kelajak bunyodkori” medali sohibi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    53
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+