Suv resurslaridan oqilona foydalanishda qanday choralar ko‘rilyapti?

06.01.2024, 09:39

Suv resurslaridan oqilona foydalanishda  qanday choralar ko‘rilyapti?

Suv — obi hayot, tiriklik manbai, poklik, musaffolik ramzi. Uning qiymati dunyo globallashuvi jarayonida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Demak, uni asrab-avaylash, har tomchisidan unumli va tejab foydalanish barchamizning burchimizdir.

Ayni chog‘da suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan tobora ortib bormoqda. Natijada butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilyapti. Ushbu dolzarb masala Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, bebaho boyligimizni qadrlashga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda. Xususan, so‘nggi yillarda 472 ming gektar yer tomchilatib va 48 ming gektari yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tkazildi. 97 ming gektarda boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan bo‘lsa, 649 ming gektar yer lazerli tekislandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina 2023 yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Misol uchun, bu Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga tengdir. Demak, bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish lozim. Faqat shundagina o‘z oldimizga qo‘ygan aniq maqsadlarga erisha olamiz.

Lekin bu ko‘lamni yanada kengaytirish harakatlariga tizimdagi ayrim muammolar xalal bermoqda. Masalan, tuman irrigatsiya bo‘limlarining vakolatlari xo‘jaliklararo kanallar bilan cheklangan. Suv yetkazish xizmatlari samarali moliyalashtirilmagan. Tejamkor uskunalar o‘rnatish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar fermerlarga jozibali emas.

Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bu borada tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinishi ayni muddao bo‘ladi.

Ularni ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta’minlanishi esa shubhasiz, sug‘orish tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtirishga, kelgusida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan maydonlar ko‘lamini sezilarli darajada oshishiga imkon beradi.

Kuni kecha Prezidentimiz qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratib, bu borada mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.

Tan olish kerak, bugungi kunda ko‘pchilikning ongida “suv – tekin” degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Endi suv tekin emas, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Joriy yildan dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so‘m etib belgilangani esa aholini suvdan samarali foydalanishi va bebaho boyligimizni asrab-avaylashimizga turtki bo‘ladi.

Murakkab iqlim sharoitida O’zbekiston uchun suvni tejab ishlatish masalasi doimo dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Lekin ayrim hududlarda suvdan maqsadsiz foydalanish holatlari uchrab turayotgan edi. Masalan, saylovchilar bilan muloqotlarimiz chog‘ida fermer xo‘jaliklari faoliyatlarini o‘rganganimizda suvdan samarasiz foydalanish holatlariga guvoh bo‘lar edik. Shu ma’noda, 2025 yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytirilishi, aksincha holatlarda esa oshirilishi juda to‘g‘ri bo‘ldi.

Yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish jozibadorligini oshirish choralari ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foizlik stavkada ajratiladi.

Ushbu jarayonda kreditlar “onlayn” ajratilishi yo‘lga qo‘yilishi ham eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu borada Agrobank tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan. Yana bir muhim tomoni, endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, o‘rnatilgan tizimlarga kamida 2 yillik kafolat berish va kamida 5 yillik servis xizmati ko‘rsatish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi.

Bugungi kunda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million so‘m miqdorida subsidiya berilishi hammamizga yaxshi ma’lum. Hozirgi kunga qadar bu mablag‘ning 50 foizi texnologiya o‘rnatilgan yilda, qolgani kelgusi yili uning ishlatilishiga qarab to‘lanar edi. Endi bu borada ham qulaylik yaratilib, barcha subsidiya mablag‘larini o‘sha yilning o‘zida to‘lab berish belgilanmoqda.

O’zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda ekani e’tiborga molikdir. Zero, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat suv sarfini kamaytirish imkonini beradi, balki yashil iqtisodiyotga o‘tishning muhim elementiga aylanadi.

Umuman olganda, suvni tejash mamlakatga iqlim o‘zgarishiga moslashish va ichimlik suvining kamayishi, yong‘in va qurg‘oqchilik xavfining oshishi kabi salbiy ta’sirni yumshatishda muhim omil bo‘ladi. Shunday ekan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli suv bilan to‘liq ta’minlashni istar ekanmiz, aholining ham, tadbirkorlik sub’ektlarining ham suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga erishishimiz kerak.

 Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    96
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+