“Yashil” energetikani rivojlantirish — energetik barqarorlikni ta’minlash omili

08.01.2024, 17:15

“Yashil” energetikani rivojlantirish — energetik barqarorlikni ta’minlash omili

Serquyosh diyorimiz o‘zining to‘rt faslli betakror tabiati, yer osti va usti nodir boyliklari bilan yetti iqlimga ma’lumu mashhur. Ayniqsa, quyosh, shamol va suv – ekologik toza energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklari haqida ortiqcha so‘zlashga hojat yo‘q.

Masalan, quyosh nuri bepul va tuganmas hisoblanadi. Shamol energetikasi esa odatiy usullar bilan elektr energiyasini yetkazish qiyin bo‘lgan joylar uchun eng maqbul yechimdir.

“Yashil” energetika — qazilma yoqilg‘i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqarmaydigan va natijada atrof-muhit ekologiyasiga ziyon yetkazmagan holda energiya ta’minotini amalga oshiradigan tuzilma hisoblanadi. Bunda iste’mol talabi quyosh, shamol, suv, biomassa, vodorod energetikasi kabi muqobil energiya manbalari evaziga qoplanadi.

Bir paytlar chekka-chekka hududlarni oddiygina elektr toki bilan ta’minlashning o‘zi katta masala edi. Odamlar uylarida chiroq bo‘lmasligiga ko‘nikib ham qolayotgandi. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar izchilligi ana shunday muammolarni bartaraf etyapti.

Sohadagi loyihalar uylarimiz yanada charog‘on, turmushimiz yanada fayzli va farovon bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Bu borada eng zamonaviy va tabiiy imkoniyatlardan samarali foydalanilayotgani, jarayonga xalqaro doirada sarmoyadorlar katta qiziqish bildirayotgani ham e’tiborga molik.

Prezidentimiz investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini ko‘paytirish bo‘yicha 2023 yilda qilingan ishlar va 2024 yilga mo‘ljallangan rejalar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratib, bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi.

Energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini ko‘paytirish uchun investitsiyalarni jalb etish g‘oyatda muhim. Shu bois, o‘tgan yilda jami 22 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu esa avvalgi yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘pdir.

Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda quyosh, shamol va gibrid turdagi elektr stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish bo‘yicha umumiy quvvati 6,3 gigavatt bo‘lgan 28 ta loyiha doirasida ish olib borilyapti. Shundan 2023 yilda xorijiy investorlar bilan birgalikda umumiy quvvati 2,6 gigavattlik 7 ta loyiha doirasida dastlabki quvvatlar ishga tushirilgan.

Xususan, o‘tgan yil 27 dekabr kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan marosimda Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida beshta quyosh fotoelektr stansiyasi, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi quvvatlari tarmoqqa ulandi. Ayni paytda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya va Shveysariya kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlikda “yashil” stansiyalar va energiya saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha 12 loyiha ustida ish olib borilmoqda.

Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Shu sababli yurtimizda energetika tizimiga katta e’tibor qaratilmoqda. Sababi bu — hozirgi davr talabidir. Chunki oxirgi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshadi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirishga undayapti.

Ortda qolgan 2023 yil O’zbekistonda energetika sohasida o‘ziga xos yil bo‘ldi. Shu davrda Prezidentimiz tashabbusi bilan 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyalari ishga tushirilib, elektr tarmoqlariga ulandi. Ishga tushirilgan elektr stansiyalarning BAA va Xitoyning xalqaro tajribaga ega kompaniyalari tomonidan amalga oshirilishi yurtimiz aholisini, ijtimoiy ob’ektlarni va iqtisodiyot tarmoqlarini 2,4 gigavattlik “yashil” energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Lekin hozirgi davr bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Yig‘ilishda “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilar ekan, o‘tgan yilda boshlangan loyihalarni 2024 yilda to‘liq yakuniga yetkazish vazifalari, kelgusi yillarda “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish rejalari ham muhokama qilindi.

2024 yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar nafaqat O’zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham tarixiy rezonans berib, keyingi bosqichlarga zamin yaratadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda olib borilayotgan ijobiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bu nafaqat ichki biznesni rivojlantirishga, balki tashqi investorlar uchun jozibador muhit hamdir. Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi shubhasiz, mamlakatimiz aholisini sifatli va uzluksiz energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

 Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    224
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+