Korrupsion holatlarning oldi olinadi

15.01.2024, 18:41

Korrupsion holatlarning oldi olinadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida fuqarolarga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ularning ijtimoiy og‘irlik darajasidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish va jarima tarzidagi ma’muriy jazolarning miqdorini maqbullashtirish, ma’muriy ish ko‘rib chiqilishida aholining ovoragarchiligini, korrupsiya holatlarini hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zarurati yuzaga kelmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan ma’muriy jazolar miqdorini kamaytirish, ularni bir xil ko‘rinishga keltirish, ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqqan hamda aholiga yengilliklar yaratish lozimligini inobatga olgan holda belgilanishini ta’minlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalariga o‘zgartishlar kiritilyapti.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratgan holda, partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi.

Xususan, fraksiya a’zosi To‘lqin Karimov qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida to‘xtalar ekan, unda nazarda tutilayotgan yangiliklar huquqni qo‘llash amaliyotida va ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda ortiqcha byurokratiyani hamda korrupsion holatlarni oldini olishga xizmat qilishini qayd etdi.

Fraksiya a’zolari Baxrom Rahmonaliyev, Nodir Abduvaliyev va boshqa deputatlar mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, hujjatdagi ayrim normalar bo‘yicha qator savollarni o‘rtaga tashlashdi.

Qonun tashabbuskorlari berilgan takliflar asosli ekanligini qayd etgan holda, ko‘tarilgan savol yuzasidan asoslantirilgan javoblar berib o‘tdilar.

Qizg‘in savol-javoblar va muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiyalar a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B. Zakirovning javobi ham ko‘rib chiqildi.

  • Ko'rildi
    92
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+