Yangi Oʻzbekiston orzusini real haqiqatga aylantirishda shijoatli yoshlarga tayanamiz

26.01.2024, 10:42

Yangi Oʻzbekiston orzusini real haqiqatga aylantirishda shijoatli yoshlarga tayanamiz

Soʻnggi yillarda yurtimizda har bir yilga alohida nom berilib, uning doirasida ezgu gʻoya va niyatlarni bahamjihatlikda amalga oshirishda davlat dasturiga oid hujjatlarni qabul qilish yaxshi anʼanaga aylandi. Mohiyatiga koʻra har bir yil mamlakatimizning barqaror iqtisodiy, ijtimoiy rivojida oʻzining oʻchmas samarali izini qoldirmoqda.

Bu yil ham ushbu ezgu anʼana davomiylik kasb etib, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson qadrini ulugʻlash, aholi manfaatlarini taʼminlash, kuchli iqtisodiyotni barpo etish maqsadida mamlakatimizda 2024-yil – Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilindi.

Yilning bunday nomlanishida juda katta maʼno va mazmun mujassam, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Mamlakatimiz aholisining katta qismini tashkil qiluvchi yosh avlod vakillaridan yurtning umidi katta. Maʼnan yetuk, jismonan baquvvat, teran fikrli yoshlar kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Davlatimiz rahbari yangi yilga yoshlar manfaati bilan bogʻliq nom berar ekan, yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilash bilan bir qatorda birgina oʻzbekistonlik yoshlar emas, balki dunyodagi yosh avlod vakillarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida farovon hayot kechirishini istashini bildirdi.

Bugun Oʻzbekistonda yoshlarga boʻlgan eʼtibor, ularga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarni har bir yosh oʻz hayoti va faoliyatida his qilib, sezmoqdaki, buning isbotini ular erishayotgan yutuqlarda ham koʻrish mumkin. Ertangi farovon hayot va obod turmushga iymoni komil boʻlgan yoshlarimiz bugun ilm-fan, sport va madaniyat, iqtisodiyot tarmoqlarining qator sohalarida yangi marralarni zabt etishga chogʻlanishgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham yosh avlodning huquq va manfaatlari alohida mustahkamlab qoʻyilgani ularga qoʻshqanot boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratildi. Asosiy qonunimizning 79-moddasida davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirishi, davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qoʻyildi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ham yoshlar salohiyatini yuksaltirish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini oʻtamoqda.

Samarqand viloyati aholisining 2 million 315 ming nafarini tashkil etuvchi 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarimiz ham bugun yurtimizda bilim olishga, zamonaviy kasb-hunar egallashga, turli yoʻnalishlarda iqtidorini namoyon etishga, tadbirkorlik qilishga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari barcha sharoitlar mavjud.

Jumladan, birgina 2023-yilda har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, 54 ming 373 nafar yoshning bandligi taʼminlashda partiya deputatlari bilan hamkorlikda yirik xayrli ishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, partiya viloyat Kengashi huzurida tumanlarda mavjud boʻlgan 256 ta yosh fermerning samarali faoliyat yurgizib, daromad manbalarini koʻpaytirishlarida zarur boʻlgan huquqiy, ilmiy maslahat va yordamlar koʻrsatuvchi “Madad” guruhlari ham tashkil etilgan.

Faxr bilan tilgan olinadigan yana bir jihat – bugungi kunda viloyatda 9 500 dan ortiq yosh tadbirkorlar va 4700 dan ortiq yosh hunarmand yoshlar faoliyat yuritadi.

Quvonarlisi, 114 mingdan ortiq yoshlar turli xil kasblar bilan oʻzini oʻzi band qilgan.

OʻzLiDeP Samarqand viloyat Kengashida 13 mingdan ortiq boshlangʻich partiya tashkilotlari boʻlib, shundan 345 tasida yoshlar rahbarlik qiladi. 119950 partiya aʼzolarining 58321 nafarini yoshlar tashkil etadi.

Biz ham yangi 2024-yilimizning nomlanishi partiyamizning hayotbaxsh gʻoyasi, ezgu maqsadlari va maslagiga hamohang boʻlganidan ruhlangan holda kelgusida partiyaning “Yosh tadbirkorlar ligasi”, “Mening gʻoyam”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Yosh tadbirkor” singari 20 ta loyiha doirasida viloyatdagi 10 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olishni rejalashtirganmiz. Oʻylaymizki, ushbu xayrli loyihalarning samarasi va natijasi, albatta, yoshlarni yetuk mutaxassis sifatida shakllanib, Vatanimiz ravnaqi va yorugʻ kelajagi yoʻlida xizmat qilishiga zamin yaratadi.

Zotan, Yangi Oʻzbekiston orzusini real haqiqatga aylantirishda ertangi yorugʻ istiqbolimizning munosib egalari boʻlgan yoshlarga tayanamiz!

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, yangi hayotni, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni toʻliq safarbar etamiz.

Zafar KARIMOV,

OʻzLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi,

viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+