Maktab o‘quvchilari tarbiyasiga ota-onalar hamda mahalla raislarining ham mas’uliyati oshiriladi

06.02.2024, 15:37

Maktab o‘quvchilari tarbiyasiga ota-onalar hamda mahalla raislarining ham mas’uliyati oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekistonda ijtimoiy davlat qurish strategik maqsad etib belgilangan. Aholi turmushi uchun munosib sharoitlar yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’limda qamrov 27 foizdan 74 foizga yetdi. Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident maktablari tashkil etildi, ixtisoslashtirilgan maktablar ko‘paydi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan oshib, qamrovi 42 foizga yetdi. Ta’lim va tibbiyotda xususiy sektorga keng yo‘l ochilib, sifatga intilish paydo bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu sohalarda aholi bilan ishlash, standartlarni yangilash va raqamlashtirish borasida kamchiliklar bor. Yig‘ilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, joriy yilgi vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari maktablardagi tarbiya va ma’naviyat masalasiga alohida to‘xtaldi. O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” hosil qilish zarurligi ta’kidlandi. Maktablardagi 2 mingta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Darslardagi davomatga, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratiladi. Ota-onalar va mahalla raislarining bu boradagi mas’uliyati oshiriladi. “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasi ishga tushiriladi.

Yoshlar o‘rtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar tahlil qilinib, ularning zararli ta’siridan himoyalanish va ijobiy tomonidan foydalanish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ota-onalar uchun farzand ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha xalqchil tilda qo‘llanmalar tayyorlanadi.

Umuman olganda davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilayotgan ekanmiz kelajakda farzandlarimizni sog‘lom, barkamol bo‘lib ulg‘ayishi, vatanga sadoqat ruhida tarbiya topishini xohlaymiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    107
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+