Davlat organlarining faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yiladi

20.02.2024, 14:22

Davlat organlarining faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yiladi

Shu yil 19 fevral kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan mutlaq vakolatlarini hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishni, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibini va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibini amaldagi qonunchilikda belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Senat a’zolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi.

Senatning to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.

“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

Shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Qonunchilik palatasining Spikeri bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Deputatga va senatorga 36 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tili beriladi. ( bundan qonunchilikda ko‘proq muddatli ta’til nazarda tutilgan hollar mustasno)

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Umuman olganda ushbu qabul qilingan Qonun yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarning Yangi O’zbekiston g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarilishini, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    37
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+