O’zLiDeP deputati qo‘rg‘ontepalik ehtiyojmand oilaning uyini ta’mirlab berdi

08.09.2020, 17:29

O’zLiDeP deputati qo‘rg‘ontepalik ehtiyojmand oilaning uyini ta’mirlab berdi

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 9-Abdurahmon Jomiy saylov okrugida uchta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. “Oltin vodiy”, “Xonko‘cha” va “Abdurahmon Jomiy” mahallalari ahli vakillari bugun o‘z deputatidan mamnun. Ishonch bildirib xato qilmaganlarini har qadam his qiladilar. Amaliy ishlar muammolarga yechim bo‘lmoqda.

Deputat Iftixor Jo‘rayevni ko‘p hollarda aholi orasidan topasiz. Asli tadbirkor, tumandagi “Yagona Sharq zamini” xususiy korxonasi rahbarining yumushlari talay bo‘lsa-da, saylovchilari uchun doim vaqt topadi. Kattayu kichikning ko‘nglini birdek olishga intiladi.

Xojiakbar Usmonov A.Jomiy mahallasi, Shalola ko‘chasi, 10-uyda istiqomat qiladi. Yashash sharoiti ancha og‘ir, ochig‘i, 2-guruh nogironi bo‘lgani sababli hamma yumushni bajarolmaydi, salomatligi ko‘tarmaydi. Turmush o‘rtog‘i uning parvarishi bilan band. Ikki farzandi xali norasida. Yashash uyi atigi ikki xonadon iborat edi, qarov va ta’mirga ro‘zg‘ordan ortinib oshinolmagan oilani bundan bir muddat ilgari Yaratgan asradi. Uy xonalarining nurab-nurab borishi natijasida to‘satdan bir xonasi qulab tushdi! Eng yomoni, eng achinarlisi, farzandlarining biri ana shu qulash oqibatida uyning ostida qolib bevaqt nobud bo‘ldi. Ota-onaning, yaqinlarning ohi osmonni tutdi. Ammo iloj, imkon qayda...

  Deputat darhol hoziru nozir bo‘ldi. Hatto o‘zini ham, mahallani ham bir qadar koyidi. Bu holat sodir bo‘lmasligi uchun avvalroq nega hech kim harakat qilmadi? Aqalli bu to‘g‘rida murojaat qilinmagani ham achinarli... Nega mahallaning xabari yo‘q? Taajjub...

  Iftixor Jo‘rayev hech kimni kutmadi. Darhol uy qurishda mohir usta-duradgorlar brigadasi bilan kelishdiyu, yangi uy solishni boshlab yubordi. Qulamay qolgan uyning bori buzilib, qaytadan yangi xonadon barpo etilishi boshlandi. Roppa-rosa ikki oy deganda nurab yotgan eski hovli o‘rnida zamonaviy, oshxonasi alohida ikki xonali keng uy qad rostladi. Devorlari qayta tiklandi, darvoza o‘rnatildi.

 Fuqaro Xojiakbar Usmonovning uy qulashidan aziyat chekkan oilasi qaytarildi. Negaki, mudhish voqeadan so‘ng rafiqasi tirik qolgan farzandini olib ota uyiga ketib qolgandi.

Muhimi, deputat xonadon sohibini imkoniyatiga yarasha bandligini ham ta’minladi. “Toza hudud” tuman bo‘limiga ishga joyladi. Baholi qudrat kuch talab qilmaydigan vazifa berildi. Axir qo‘l bilan berganga qush to‘ymaydi. O‘z ro‘zg‘orini o‘zi tebratishga ne yetsin?

Mana, bugungi deputatning qiyofasi. Yana bir aytadiganimiz bor. Xalq noibi bilan suhbat orasida bu voqea xususida so‘raganimizda, gapirishni istamadi: “Bu xayr-eson bo‘ldi. Qo‘ying, aytish noo‘rin...”

Biz esa ma’lumotlarni mahalla ahliyu yangi uy egalaridan so‘rab bildik. Ayrim qorni to‘qlarni “boqayotgan” ba’zi bir kiborlarga namuna bo‘lar deya xayolladik. Oramizda, sizu bizning atrofimizda shunday mehr va ko‘makka muhtojlar bor. Ularning murojaatlarini kutib o‘tirmang, hurmatli deputat! Siz o‘zingiz boring... Atrofingizga qarang, I.Jo‘rayev kabi saxovatpesha, ishonchga fidoyi deputat-safdoshlaringiz bor...

Zilola RAHMONOVA,

O’zLiDeP Andijon viloyat kengashi

matbuot kotibi.

Surat quyidagi manbadan olindi.

  • Ko'rildi
    483
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+