O’qituvchilar mavqeini yuksaltirish yangi Uyg‘onish davri poydevorini bunyod etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega

05.10.2022, 16:09

O’qituvchilar mavqeini yuksaltirish yangi Uyg‘onish davri poydevorini bunyod etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega

Prezidentimiz 1 oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimiz pedagoglariga yo‘llagan tabrigida mashhur shoirimizning ustozlar nazarda tutilgan “Sizdan boshlanadi asli tafakkur”, degan chuqur ma’noli satri tilga olindi. Darhaqiqat, ilmni yetkazishda, jamiyatda inson resursini shakllantirishda ustozlarning o‘rni beqiyos.

Muallimlar, oliy ta’lim muasasalarining professor-o‘qituvchilari odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi kuch hisoblanadi. Insonning ongi, fikrlash yo‘sini o‘zgarmasa, jamiyat ham o‘zgarmaydi. Inson jamiyatni, jamiyat esa davlatni o‘zgartirishga qodir.

Binobarin, Vatanimiz kelajagi uchun eng muhim sarmoya ta’limga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlardir. Qimmatli kadrlar bir yoki ikki yilda shakllanib qolmasligini hammamiz yaxshi tushunamiz. Bir bolaning zamon talabiga javob beradigan kadr bo‘lib yetishishi uchun qariyb yigirma yil zarur. Bu – maktabgacha ta’limdan oliy ta’lim yakunigacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga olgan  davr.  Shu bois davlatimiz rahbari qutlovida: “... biz keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz” deya ta’kidlangani bejiz emas. O’zgarishlarning ayrimlarini qayd etib o‘tish joiz: hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2022-2026 yillarda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilindi. Maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.

Tabrikda  o‘tgan o‘quv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani tilga olinadi.  Bu muvaffaqiyatni ta’minlagan omillardan biri shuki, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilindi. Ilgari olimpiadada oltin yoki kumush medal olsa, sovrindor o‘quvchiga ham, uni tayyorlagan o‘qituvchiga ham nari borsa bitta faxriy yorliq berilardi. Hozir esa ular salmoqli pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.

 Erishilgan muvaffaqiyatlar bilan qanoatlanib qolmayotganimiz, mazkur sohani uzluksiz takomillashtirish bundan keyin ham davlatimiz, hukumatimiz  diqqat markazida bo‘lishi quvonarlidir. Prezidentimiz o‘z tabrigida o‘qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yanada ko‘proq sharoit yaratib berishga qaratilgan choralar ko‘rilishi xususida ham to‘xtalib o‘tdi. 

Maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha boshlangan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, barcha hududlar, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilishi, o‘qituvchilar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish shular jumlasidan. Shuningdek, bundan buyon ham xalqimiz bilan maslahatlashilgan holda, jamoatchilik fikri atroflicha tahlil qilinib, erishilgan yutuqlarni mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tuzatilishi yo‘lidan boriladi.

Mazkur islohotlar o‘qituvchilarning Yangi O’zbekistondagi nufuzi va mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ularning o‘z kasbiga mehri va sadoqatini mustahkamlab, jamiyat ardog‘ida bo‘lishga sharoit yaratadi. Muallimlar faoliyatiga huquqiy, moddiy va ma’naviy kafolatning berilishi esa inson resursini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Saylovoldi dasturida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ziyo tarqatuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifalari ham bayon qilingan partiyamiz vakillari esa sohadagi yangilanishlar amalga oshirilishiga yanada ko‘proq mas’uliyat bilan yondashadilar.

Dilorom Xudaybergenova,

Beruniy tumanidagi 11-sonli umumta’lim

maktabi direktori,

Xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    386
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+