Inson qadri, ijtimoiy himoyasi — ustuvor maqsad

29.09.2023, 15:43

Inson qadri, ijtimoiy himoyasi — ustuvor maqsad

Joriy yil mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqeliklarga boy davr bo‘lib, tarixga kiradi. Chunonchi, shu yil 30 aprel kuni mamlakatimizda umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingan bo‘lsa, 9 iyul kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Ikkita siyosiy jarayon ham ko‘tarinki ruhda, fuqarolarimiz faolligida o‘tkazilgani har birimizning Yangi O‘zbekiston kelajagiga befarq emasligimizni namoyon etdi.

Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi, desak aslo yanglishmaymiz.

Binobarin, Strategiyaning birinchi — har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish yo‘nalishi o‘zida 44 ta maqsadni qamrab oldi. Shundan anglashiladiki, 44 foiz maqsadlar bevosita ushbu yo‘nalishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa davlatimiz rahbari siyosatida asosiy e’tibor xalqimizni rozi qilish, ijtimoiy qo‘llab quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni-saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik masalalariga katta e’tibor qaratilishini, kelgusi yillar ham yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan O‘zbekiston Ijtimoiy davlat tamoyilini hayotga tatbiq etish borasida ulkan islohotlar ro‘yobga chiqarilishini anglatadi.

Darhaqiqat, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘nggi yillarda mamlakatimizda juda katta ijobiy ishlar amalga oshirildi. 2022 yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Aholini ijtimoiy yordam tizimi bilan qamrab olish ko‘lami ham oshirib borilmoqda. Misol uchun, 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib, 2 million 200 mingdan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Bu — jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladi. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 12 trillion so‘mdan ziyodni tashkil qilmoqda.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizga pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligiga oid norma kiritilgan. Bu esa hozirda davlatdan moddiy yordam olayotgan 2 million 200 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarning huquqini kafolatlaydi.

Strategiyada nazarda tutilgan maqsadlardan ko‘rishimiz mumkinki, bu boradagi islohotlar izchil davom ettirilib, kelgusi yetti yilda ham ulkan vazifalarning bajarilishi belgilandi. Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar doirasida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish xizmatlari sifatini oshirish, ijtimoiy himoya qilish choralari doirasiga muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish, respublikaning barcha tuman va shaharlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil qilish shular jumlasidandir.

Shuningdek, Strategiyadan kelib chiqib, kelgusida muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash va ularning bandligini 2 barobarga oshirish maqsad qilindi.

Shu o‘rinda “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligini qayd etish joiz.

Binobarin, kuni kecha mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham Prezidentimiz tomonidan Strategiya maqsadlarini hayotga joriy etish borasida muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinishi, shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab berilishi ta’kidlab o‘tildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan masalalarni joyida samarali hal qilish maqsadida amaldagi “mahalla beshligi”ga soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” tizimi joriy qilinib, ularning har birining vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” ishini birgalikda tashkil qilishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytirilib, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimning oylik ish haqi mahalla raisi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Mazkur masalalarni samarali yo‘lga qo‘yishda, albatta, mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirishimiz, biz, deputatlar ham joylarga, mahallalarga borib, muammolalarni o‘rganishimiz va respublika darajasida hal etish borasidagi ishlarimizni yanada jonlantirishimiz kerak bo‘ladi.

Yana bir ahamiyatli jihati — Strategiya doirasida har yili 1 milliondan ortiq nuroniylar uchun respublika bo‘ylab diqqatga sazovor joylar, xususan, tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning so‘lim go‘shalariga sayohatlar tashkil etish vazifasi ham qo‘yildi. Hech shubhasiz, bu nuroniy otaxon va onaxonlarimizning kayfiyatini ko‘tarib, sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir qiladi hamda hayotdan roziligini oshiradi.

Qolaversa, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish, mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish vazifasining samarali bajarilishi fuqarolarimiz tumush darajasi yanada oshishiga, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘unligini alohda ta’kidlab o‘tdi. Bu bejiz emas. Chunki yurtimizda ushbu yo‘nalishda muhim chora-tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Jumladan, hozirda parlament palatalari va tegishli tashkilotlar tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali taminlash borasida ishlar amalga oshirilyapti. Joriy yilning noyabr oyida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forumni o‘tkazish rejalashtirilayotgani va shu munosabat bilan ko‘plab amaliy tadbirlarni tashkillashtirish belgilangani fikrimizning yorqin namunasidir.

Davlatimiz rahbari BMT yuksak minbaridan turib, O‘zbekiston BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazish taklif etilgani mamlakatimizda ijtimoiy sohadagi ishlarimizga dunyo hamjamiyati nigohini qaratish va xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda, bu boradagi sa’y-harakatlarimizni yanada takomillashtirishga imkoniyat yaratadi.

Yuqoridagi ushbu masalalar hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash borasida parlament tomonidan qanday ishlar amalga oshirilishi kerak? degan savol tug‘iladi.

O‘z navbatida, Strategiya maqsadlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha qabul qilinishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida tayyorlanishi bo‘yicha parlament a’zolari ham tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ishlashi, Oliy Majlisning har bir qo‘mitalari o‘z yo‘nalishlari doirasida vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, muayyan masalalarning bajarilishi bo‘yicha parlament nazorati institutlaridan keng foydalanishimiz maqsadga muvofiqdir.

Mavluda XO‘JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi.

  • Ko'rildi
    90
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+