Qatar bilan uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida

04.10.2023, 13:58

Qatar bilan uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida

O’zbekiston o‘zining proaktiv tashqi siyosiy  faoliyati  geografiyasini  tobora kengaytirmoqda. Xususan, O’zbekiston va Qatar siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalariga tobora  ko‘proq e’tibor qaratishmoqda. O’zbekistonda Qatar davlatiga nafaqat yaqin sharq mintaqasidagi, balki butun arab musulmon olamidagi istiqbolli hamkor sifatida qaraladi. O’zaro elchixonalarning ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutdi. Har ikki  davlat ham  Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yo‘laklarini  shakllantirishdan manfaatdor. Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan say’-harakatlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama  munosabatlarga kuchli turtki beradi. Shavkat Mirziyoyev Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berdi.

Davlat tashrifi dasturiga ko‘ra,  yuqori darajagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat rahbarlari O’zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

O’zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O’zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi, deb xabar beradi davlatimiz rahbarining matbuot-xizmati. O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;  O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Davlati Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum; O’zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir.

Davlat tashrifi doirasida O’zbekiston Prezidentining Qatar  biznes-doira vakillari bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, O’zbekiston Prezidenti “Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriyni qabul qildi. Ma’lumki, “Nebras Power” – Qatarning yetakchi energetika korporatsiyasi. Kompaniya  o‘ndan ziyod mamlakatida yirik loyihalarni amalga oshirgan.

Uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni  ham qabul qildi. “Power International” – dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi. Bugun ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.

Mamlakatimizda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.

Qatarga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniyni qabul qildi. Agentlik sanoat, infratuzilma, energetika, ko‘chmas mulk, elektron texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni ilgari surishda katta tajribaga ega global miqyosdagi yetakchi investitsiya xoldinglardan biri hisoblanadi. Idora rahbari bir vaqtning o‘zida Qatar Markaziy banki raisidir.

Uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakatimiz hududlarida “yashil” energetika ob’ektlari – quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan zamonaviy aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti “Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni ham  qabul qildi.  Ushbu xolding AQSh, Yevropa va Yaqin Sharqda “For Seasons”, “The Ritz Carlton” va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi. Uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatimizda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqildi.

Xulosa o‘rnida shuni  qayd etamizki, davlatimiz rahbarining Qatarga davlat tashrifining asosiy yakunlaridan biri, bizningcha, tomonlarning  savdo ko‘rsatkichlarini ikki karra oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligining tasdiqlagani bo‘ldi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    171
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+