MDH erkin savdo zonasiga aylanishi kerak

16.10.2023, 10:45

MDH erkin savdo zonasiga aylanishi kerak

MDH tashkil topganidan buyon Hamdo‘stlik doirasida savdo-iqtisodiy munosabatlar, kommunikatsiya va transport tarmoqlarini yanada rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash hamda gumanitar aloqalarni mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi qator hayotiy  muhim yo‘nalishlar bo‘yicha keng ko‘lamli huquqiy asos yaratildi va hamkorlikning vosita va mexanizmlari ishlab chiqildi.

Xususan, o‘tgan haftada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ushbu sammit ham, boshqa muhim tadbirlar kabi O’zbekiston  faol tashqi siyosatini  namoyish etadigan maydonga aylandi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O’zbekiston Prezidenti mavjud imkkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Shu sababli,  Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz. Ming afsuski, dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, bunday vaziyatda MDH mamlakatlari bilan hamkorlikning yangi yo‘llari va mexanizmlarini izlash davom etmoqda. Bu muqobil savdo-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, qo‘shilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, MDH mamlakatlari iqtisodiyotidagi bir-birini to‘ldiradigan zahiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini rag‘batlantirishda o‘z aksini topmoqda.

Ayni damda, 2023 yil boshidan buyon O’zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi atigi 5 foizga oshdi. Bu o‘sish sur’atlarining sekinlashganini ko‘rsatadi. O’z navbatida, bu holat to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish yo‘lida hali ham ko‘plab to‘siqlar mavjudligidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan O’zbekiston erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomaning tovarlarni olib qo‘yishga doir qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni muhim deb hisoblaydi. Bu mazkur hujjatni  zamonaviy bosqichdagi  asosiy maqsad va vaziflarga to‘liq moslashtirish imkonini beradi.

Mamlakatimiz o‘zaro savdodagi texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ishlar natijalarini tan olish to‘g‘risidagi MDH bitimlarining qabul qilinishini jadallashtirish tarafdori.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot haqida gapirganda, import o‘rnini bosishga qaratilgan milliy dasturlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish va  davlat xaridlari bozoriga imtiyozli kirish huquqini o‘zaro kelishuv asosida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. O’zbekiston qo‘shma ulgurji taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash dasturini qabul qilish hamda  elektron savdoni rivojlantirishni, jumladan, mavjud platformalarni kengaytirish yo‘li bilan rag‘batlantirish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident sanoat kooperatsiyasi istiqbollari masalasiga alohida to‘xtaldi. Bugungi kunda MDH mamlakatlari bilan qo‘shma investitsiya loyihalariga doir portfelimiz hajmi 25 milliard dollardan oshdi. Yaqinda qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi doirasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish hamda texnoparklarni tashkil etish bo‘yicha Qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi.

O’zbekiston energetika sohasida MDHga a’zo har bir mamlakatning elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda, energiya tizimlarimiz yaxlit holda ishlay oladigan sharoitlarni yaratish zarur, deb hisoblaydi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari hisoblanadi. Hamdo‘stlik davlatlarida iste’molchilarni yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat. Shu munosabat bilan agrosanoat komplekslari, logistika va “ekspress” koridorlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va  tizimli ilm-fan almashinuvi masalalarini hal etish talab etiladi, dedi davlatimiz rahbari.

O’zbekiston Transport sohasida transportning barcha turlarida multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport koridorlarini rivojlantirish,  asosiy mintaqaviy koridorlar orqali yuklarni tashishda biznes uchun jozibador shartlarni shakllantirish,  yo‘lovchi va yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish,  transport infratuzilmasi va harakat tarkibini modernizatsiya qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish tarafdori.

Xulosa o‘rnida shuni qayd etamizki, bu kabi sammitlar MDH ga ko‘p rejali munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi mexanizm va bevosita  muloqotlar olib borish, davlatlararo muzokaralarni tashkil qilish, jumladan, MDH formatida davlat rahbarlari va tegishli idoralar boshliqlari darajasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish maydoni, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlik shart-sharoitlarini yaratishda manfaatdor bo‘lgan suveren davlatlarning birlashmasi bo‘lib qolish imkonini beradi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+