Qilichini qayrab qish kelayotir

26.10.2023, 16:44

Qilichini qayrab qish kelayotir

Joylarda isitish mavsumiga tayyorgarlik qanday? O’tgan yilgi xato va kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarilganmi? Yoki hamma ayb sovuqning o‘ziga to‘nkab qo‘yiladimi? Bu boradagi ishlarning sifatini nazorat qilishda deputatlarning o‘rni nechog‘lik muhim?

Xalqimiz azaldan tabiat hodisalarini kuzatish orqali oldindan aniqlashgan. Masalan, xazonrez boshlangan vaqtda qarg‘alarning baland yo past uchishidan qishning qanday kelishini bilishgan. Tadorikni ham shunga yarasha qilishgan. Ko‘klamga yetguncha amalga oshiriladigan tadbirlarning puxta rejasini tayyorlab, unga qat’iy rioya etishgan. Hozirgi tilda aytganda, asosiy e’tiborni ijroga qaratishgan.

Parlament vakilarining o‘zlarini saylagan hududlarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga jiddiy hozirlik ko‘rish bilan bog‘liq jarayonlarda bevosita ishtirok etayotgani bejiz emas. Zotan, deputat faoliyatida nazorat tadbirlari dolzarb o‘rin tutadi. Termiz shahrida shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan joyida tanishganimizda bajarilayotgan ishlarning sifati va samaradorligi ko‘proq diqqat markazida bo‘ldi.

O’rganishlar maxsus savolnoma asosida aholi xonadonlari, mahallalar, ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlarini qamragan holda mas’ul mutasaddilar ishtirokida amalga oshirildi.

Jumladan, Termiz shahar elektr ta’minoti korxonasi tasarrufidagi elektr energiya infratuzilmasi yordamida 43 ming 26 ta aholi xonadoni, 3 ming 315 ta yuridik shaxs maqomidagi iste’molchiga elektr energiyasi yetkazib berilayotgani aniqlandi. Shaharda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, 2023-2024 yillar mavsumiga tayyorgarlik doirasida rejalashtirilgan 33 tadan 31 ta transformator punkti, 74 km elektr uzatish tarmog‘ida 57 km mukammal, 70 dona transformator punktidan 66 dona va 172,8 km elektr uzatish tarmog‘idan 148 km joriy ta’mirlangan.

O’tgan qish mavsumida tarmoqda yuz bergan uzilishlar hamda iste’molchilar murojaatlaridan tegishli xulosalar chiqargan holda Guliston mahallasida 2 ta transformator punktiga qo‘shimcha quvvatlar o‘rnatilgan. Tuproqqo‘rg‘on mahallasidagi transformator quvvati 2,5 barobar, Yulduz mahallasidagi quvvat 1,5 barobarga oshirildi. Manguzar mahallasidagi transformator punktining 0,4 kVtli 1 kmdan ortiq havo elektr uzatish yo‘li bo‘ylab yangi beton tayanchlar o‘rnatilgan. Majnuntol va Gulira’no mahallalarida transformator quvvatlarini 1,5-2 barobarga oshirish, elektr uzatish yo‘llarini rekonstruksiya qilish, beton tayanchlar o‘rnatish va sim tortish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Gaz ta’minoti bo‘yicha 7,7 km ta’mirtalab tarmoqlarning 4,9 km hozirgacha ta’mirlangan. 33,731 km yer osti gaz quvurlarini bosim ostida zichlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari bajarilgan. Aholi xonadonlarini bir maromda tabiiy gaz bilan taminlovchi 474 ta gaz taqsimlash shoxobchasining barchasi taftish qilingan.

Ijtimoiy soha ob’ektlarini isitishda DXSh asosida gaz va ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan yangi isitish qozonlari o‘rnatilib, quvurlar almashtirilgani, izolyatsiya ishlari amalga oshirilganligiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, sanoat korxonalarida elektr energiyasini ogohlantirmasdan uzish holatlarini bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

O’rganishlar shaharda energiya ta’minoti borasida o‘sib borayotgan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari sonidan kelib chiqib, energiya tejamkorlik, yo‘qotishlarni minimallashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, avvallari qayta tiklanuvchi energiya manbalariga nisbatan muqobil manba sifatida qarab kelingan bo‘lsa, so‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga jiddiy e’tibor berilishi, katta ko‘lamdagi investitsiyalar jalb etilishi natijasida soha rivojida keskin o‘sish kuzatilmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini “yashil” energiya bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni faollashtirish, bu borada aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini ko‘paytirish, sifatli va kafolatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi talab etiladi.

Botir MARDAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    115
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+