Raqamli texnologiyalarni joriy etish - davr talabi

21.12.2023, 18:00

Raqamli texnologiyalarni joriy etish - davr talabi

Mamlakatimiz tarmoq va hududlarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mazmun-mohiyati bilan tanishar ekanmiz, ushbu yo‘nalishda bajarilgan ishlar o‘z ko‘lami jihatidan keyingi paytda ancha salmoqli ekanligiga amin bo‘ldik. Darhaqiqat, endilikda biror bir mamlakat, aniqrog‘i soha yoki tarmoq rivojini IT, ya’ni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etish qiyin, shu bois ushbu muhim masalaga yangi O’zbekistonda jidddiy e’tibor berilayaptiki, videoselektor davomida bunga yana bir bor qat’iy ishonch hosil qilindi. Kelgusidagi vazifalar esa, aniqrog‘i soha rivojini ta’minlovchi qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi hech shubhasiz o‘z kutilgan natija va samarasini berishi turgan gap.

         IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtirilishi, iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar berilishi,  50 dan ortiq IT mutaxassisni ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplanishi, eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinishi ana shunday imkoniyatlar sirasiga kiradi. Bundan tashqari IT-parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘‘ba korxonalari ochilishi ham sohani yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqadi. Shu tariqa 2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish mumkinligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Yangi 2024 yildan boshlab, “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasining boshlanishi, AQShlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi ta’minlanishi ham turgan gapki, istiqbolli imkoniyatlar eshigini ochadi.

2026 yilda Xalqaro informatika olimpiadasining ilk bor mamlakatimizda o‘tkazilishi ham soha xodimlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Ushbu nufuzli tadbirga tayyorgarlik doirasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda sohaning navqiron, iqtidorli vakillari tanlab olinishi hamda ularning xalqaro olimpiadada ishtirok etishi ta’minlanishi zarurligi ham Prezidentimiz tomonidan qayta-qayta ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mahallalardagi xodimlarning garchi planshet va kompyuterlar bilan ta’minlanishiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayotganligi yuzasidan e’tirozlar bildirildi. Qog‘ozbozliklar ham mahallalarni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Masalan, subsidiya olish uchun uchun murojaat qilgan fuqaro ishsizlik to‘g‘risida bir yo‘la bir nechta mutasaddidan ma’lumotnomalarni olishga qiynalmoqda. “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “Mahalla yettiligini” raqamli tizimlardan foydalanishga o‘qitish davr talabi ekanligi o‘z-o‘zidan ayon.

Sir emaski, ayrim rahbar xodimlar o‘z tashkilotlarida raqamlashtirish tizimini ishga tushirishda shoshilmayaptilar. Davlatimiz rahbari shu ma’noda so‘z yuritar ekan, nihoyatda qat’iy qilib,  “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar” deb ta’kidlab o‘tdi.

Kelgusida IT xizmatlari hajmini 20 trillion so‘mga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligining  qayd etilganligi nafaqat soha xodimlari, balki, raqamli texnologiyalarni o‘z faoliyatida joriy etishga, davr bilan hamqadam va hamnafas bo‘lish maqsadiga intilayotgan har bir mutasaddi va rahbar xodimning bugungi kundagi eng birinchi vazifalaridan biridir.

Viloyatimizdagi O’zLiDeP faollari hamda mahalliy Kengash deputatlari ham Prezidentimizning navbatdagi videoselektorda bildirgan fikr-mulohazalari, belgilab bergan vazifalari va aniq topshiriqlariga asosan, mahalliy hokimlik idoralari, tegishli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda o‘z faoliyatlarini olib borib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda IT raqamli texnologiyalarining o‘rni va ahamiyatini to‘g‘ri anglagan holda joylarda partiyaviy targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradilar.

Bobomurod Ochilov,
O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    69
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+