Joriy yilda aholi bandligini ta’minlash va biznesni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi

09.01.2024, 11:18

Joriy yilda aholi bandligini ta’minlash va biznesni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi

Bugungi kunda mamlakatimizda ishsizlikni oldini olish, aholi bandligini ta’minlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu borada xotin-qizlar va yoshlarni turli kasb-hunarlarga o‘qitish, tadbirkorligini boshlashlari uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratib berilyapti, biznes loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yurtimizda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.

Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xo‘jaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.

Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz 8 yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, mutasaddilar bu boradagi dasturlari bo‘yicha axborot berdi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgani ta’kidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytildi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi.

Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.

Mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ham aytib o‘tildi.

Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Aytish joizki, shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi.

O’zi umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlatimiz rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Qonunchilik palatasidagi deputatlarimiz ham ushbu berilayotgan yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazishda, ularning takliflarini doimiy o‘rganib, tegishli tashkilotlar orqali yechim topishda faollik ko‘rsatadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    89
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+