Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan

17.01.2024, 16:29

Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini  100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan

O’tgan kunlarni sarhisob qilib, yangi istiqbolli rejalarni belgilash xalqimizga xos bo‘lgan xayrli an’analardan biri. Shu ma’noda olib ko‘rilganda, joriy yil 16-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishini ham sarhisob va istiqbolli rejalar ijrosining o‘ziga xos debochasi, desak o‘ylaymanki yanglishmaymiz.

O’tgan yilgi natijalar esa, sarhisob qilishga arzigulik. 2023 yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Jumladan, sanoat 6, xizmat ko‘rsatish 6,8, qurilish 6,4, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz o‘sgan. Biroq, bu yutuq va muvaffaqiyatlar hech kimni xotirjamlikka chorlamasligi, aksincha yangidan yangi marralarni egalashga zamin tayyorlashi lozim.

Tanqidiy-tahlil ruhida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bu yil mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.  Yaqin-yaqingacha ko‘pchilikka qo‘l yetmas orzudek ko‘ringan bu marra, bugun so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan sa’y-harakatlar natijasida real voqelikka aylanish arafasida.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun “2024 yil – tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili” bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash, moliyaviy intizom, soliqlar tushumini o‘z vaqtida ta’minlash, korxonalar xarajati asossiz o‘sishining oldini olish, bojxona, budjet tushumi uchun yana katta zaxiralar, yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish, bu ishlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish,  budjet xarajatlarining samaradorligi kabi dolzarb masalalar muhokama qilinib, tanqidiy-tahlil qilindi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Ayni paytda mazkur yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar keng jamoatchilikning diqqat markazida turibdi. Aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlarda, o‘zaro suhbatlarda videoselektor yig‘ilishida aytilgan tanqidiy fikrlar, belgilangan vazifalar, kutilayotgan o‘zgarish va yangiliklar atroflicha muhokama qilinmoqda. Bu bejiz emas. Chunki, yurtdoshlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan jarayonlarning oddiy kuzatuvchisi emas, balki bevosita ishtirokchilari ekanliklarini yaqqol his qilib turibdilar.

Shu sabab, hayotiy o‘zgarishlar bilan hamohanglik, islohotlarga to‘siq bo‘layotgan xato va kamchiliklarga murosasizlik, yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar, amalga oshirilayotgan yangiliklar zamirida, avvalambor, inson manfaati, Vatan va xalq manfaatlari ustivor ekanligiga qat’iy ishonch, bugungi kunda ko‘pchilikning kayfiyatini, ishtiyoqi va shashtini belgilab beradigan omillarga aylangan.

Shunday ekan, belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash har birimizdan, ayniqsa, deputatlardan, partiya faollaridan  fidoyilikni, zimmamizga yuklangan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda faoliyatimizni yanada jonlantirishni talab qiladi.

G’anisher Avalboyev,

xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    87
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+