Xitoy Xalq Respublikasi O’zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri

25.01.2024, 12:42

Xitoy Xalq Respublikasi O’zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri

Xitoy so‘nggi o‘n yilda keng ko‘lamli islohotlari bilan ajralib turadi, bu umume’tirof etilgan yutuqlarga sabab bo‘lmoqda. Bu yutuqlar zamirida modernizatsiya yo‘lida dadil qadam qo‘yayotgan Xitoy xalqining bunyodkorlik kuchi, mehnatsevarligi va iste’dodi yotadi. Hozirgi kunda mamlakat mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan va xalq farovonligi muttasil yuksalib bormoqda. Oxirgi o‘n yilda Xitoy Xalq Respublikasi jahonning qudratli davlatiga aylandi, ulkan ilmiy-texnologik va innovatsion taraqqiyotga erishdi, iqtisodiyot va biznesni rivojlantirishning noyob ekotizimini yaratdi. Bugun Xitoy muhim xalqaro jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida jahon iqtisodiyoti va boshqaruvida yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. Bunda Rais Si Szinpinning taraqqiyot, xavfsizlik va sivilizatsiyalararo muloqot borasidagi global tashabbuslari umumbashariy muammolarni hal etish hamda yanada barqaror va inklyuziv kelajakka o‘tishni jadallashtirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Shu kunlarda Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi amalga oshirildi. U o‘zaro hamkorlik tarixida barqaror rivojlanish dinamikasini namoyon etgan eng yaxshi davr sharoitida o‘tdi. Xususan, O’zbekiston va Xitoyni  mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni ta’minlashga mushtarak intilish, global xavf-xatarlarni yengib o‘tishda, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda BMTning markaziy roliga va ko‘p tomonlama hamkorlikka sadoqat birlashtirib turadi. O’zbekistonning “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmasdir.

O’zbekiston Xitoyning global miqyosda jipslashtiruvchi kuchga aylanib bo‘lgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ro‘yobga chiqarish doirasidagi turli dasturlarda faol ishtirok etmoqda. O’zbekiston uchun “Makon va yo‘l” shunchaki infratuzilmaviy loyiha emas, balki mintaqalarning transport jihatdan yiroqligini yengib o‘tuvchi global o‘zaro bog‘liqlikning muhim bo‘g‘inidir.

Bu “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit ko‘prigining muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan “Xitoy – Qirg‘iziston - O’zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligiga ham tegishli.

O’zbekiston va Xitoy munosabatlarining mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekanmiz, joriy yilning 24 yanvar kuni Pekin shahrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlariga alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Xususan, davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli sur’atga erishilganini ta’kidladilar. Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz muhim masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Keyingi yillarda Xitoydan O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi. O’tgan yil yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda buni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi.

Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Xitoyning yetakchi banklari, “Ipak yo‘li” fondi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi yuqori darajasini alohida ta’kidlab o‘tamiz.

Shu nuqtai nazardan, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarori katta ahamiyatga ega.

Yetakchilar hududlararo almashinuvlar faollashganiga mamnuniyat bildirdilar. Bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun O’zbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldilar.

O’zbekiston shuningdek, texnik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish, Xitoyning ijtimoiy himoya va sug‘urta, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi tajribasini o‘rganishdan manfaatdor.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Qo‘shma bayonot imzoladilar. Hujjat tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni turli sohalarda har tomonlama mustahkamlash hamda O’zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklikni mazmun jihatidan boyitishga intilishini tasdiqlaydi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari huzurida 15 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

O’z navbatida, parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni birinchi navbatda, “O’zbekiston-Xitoy” do‘stlik guruhlarini faollashtirish orqali yanada kengaytirish va samaradorligini oshirish muhim ekanini alohida ta’kidlaymiz. Oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Shavkat Mirziyoyevning XXR ga rasmiy tashriflarini sarhisob qilar ekanmiz, muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lganini qayd etish mumkin.

Bularning barchasi ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O’zbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatadi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    201
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+