O’zaro ishonch va do‘stona aloqalar – taraqqiyot omili

25.01.2024, 14:22

O’zaro ishonch va do‘stona aloqalar – taraqqiyot omili

Ayni kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat  tashrifiga oid voqealar rivojiga nafaqat dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari va tahlilchi ekspertlar, balki  butun xalqimiz, keng jamoatchilikning  diqqat e’tibori qaratilayotgani aslo bejiz emas.

Buning boisi shuki, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch rishtalari  jadal rivojlanmoqda va bu boradagi sayi-harakatlar xalqimizning chuqur e’tirofiga sabab bo‘lmoqda. Bu boradagi misollar va raqamlar ham ana shundan dalolat beradi.  Masalan, ikki mamlakat o‘rtasidi imzolangan hujjatlarga ko‘ra,  2023-2027 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi  amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda Xitoydan O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi. 2024 yil 1 yanvar holatiga O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy kapitali ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2 337 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan 2023 yilning 1 yanvariga  nisbatan 196 taga ko‘p demakdir. Mamlakatimizning  2023 yildagi 62,6 milliard dollarlik tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar orasida Xitoy yetakchi bo‘lib, uning bu boradagi ulushi 14 milliard dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning 24 yanvarida O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O’zaro  ishonch va do‘stona aloqalar – taraqqiyot omili” mavuidagi davra suhbati ayni shu tashrif va uning natijalarini o‘rganishga bag‘ishlandi.

Unda ta’kidlanganidek, O’zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligiga 30 yildan oshdi. Yil sayin ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy ishonch va do‘stona aloqalari izchillik bilan mustahkamlanib bormoqda. Xususan, 2017 yildan boshlab, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrga qadam qo‘ydi. O’tgan yetti yil davomida davlat yetakchilarining   8 marta uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.   2022 va 2023   yillar davomida amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari yakunlariga ko‘ra 60 ga yaqin hujjat imzolangan bo‘lib, umumiy qiymati 40 milliard dollardan ortiq bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

Aytish mumkinki, bu galgi tashrif va uning doirasida erishiladigan ikki tomonlama shartnoma va bitimlar ham tarixi va sivilizatsiyalari mushtarak bo‘lgan O’zbekiston va Xitoy xalqlari hayoti yanada farovonlashishiga xizmat qiladi. 24 yanvar kuni Pekin shahrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi  muzokaralari, tashrif davomidagi uchrashuvlar va  ular nihoyasida imzolangan ko‘plab  hujjatlar ushbu jarayonni yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol isbotlaydi.

TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti va O’zLiDeP hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, texnik-iqtisodiy  va inson resurslarini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish,  Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa temir yo‘l ekspresslari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi elektr transport vositalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va 2024-2026 yillarda turizm sohasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishga qaratilgan hujjatlar bu boradagi faoliyatning bardavom bo‘lishidan dalolat berayotgani alohida ta’kidlandi.

Qiyom Nazarov,

falsafa fanlari doktori,

professor

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    53
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+