Prezidentimiz ishonchiga munosib bo‘lamiz

20.02.2024, 17:35

Prezidentimiz ishonchiga munosib bo‘lamiz

Bugungi kunda tevarak-atrofga teran nigoh tashlagan har bir yurtdoshimiz ijtimoiy hayotimizdagi ulkan o‘zgarishlarni, kishilar ongu tafakkuridagi yangilanishlarni yaqqol his etadi. Tezkor va shiddat bilan o‘tib borayotgan bugungi kunda o‘lkamizning har bir go‘shasida, chekka-chekka mahallalarda zamonaviy, ko‘p qavatli uy-joylar, ko‘rkam imoratlar, ishlab chiqarish korxonalar qad rostlayotgani, keng va ravon yo‘llar, bog‘lar bunyod etilayotganligi qalblarimizga o‘zgacha surur va quvonch baxsh etadi.  

Bularning bari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqil va xalqchil siyosatning, hamjihat xalqimizning samarali mehnatlari natijasidir. Ayniqsa, Prezidentimiz yurtimizning porloq kelajagi, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida, avvalo, xalqimiz tinchligi va farovonligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Yurtboshimizning har bir sa’y-harakati, tashabbus va g‘oyalari zamirida xalqimizni rozi qilish, yillar davomida odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishdek ezgu va xayrli maqsadlar yotadi.  

Buni Prezidentimizning 15-16 fevral kunlari viloyatimizga tashrifi, amalga oshirilgan ishlarga bergan bahosi, viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriq va vazifalari misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.  

Yurtboshimizning joriy yilda mamlakatimiz hududlariga qilgan ilk tashrifi Andijonga bo‘lganligi bejiz emas. Chunki Andijon viloyati keyingi yillarda sanoat, energetika, qurilish, yengil sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, boshqa qator sohalarda yuqori natijalarga erishayotganligi, andijonliklardagi shijoat, intilish, ertangi kunga ishonch va umid davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmasa kerak.  

Tashrif doirasida viloyatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalari qamrab olindi. Birorta tarmoq Prezidentimiz e’tiboridan chetda qolmadi. Eng qaynoq va dolzarb tizimlarning ichiga kirib, muammo va yechimini kutayotgan masalalarga to‘xtaldi. Hududlar salohiyati va mahalliy  sharoitlariga mos loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalarni berdi. O‘z navbatida andijonliklarning hayoti, yashash, mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi, ularga ko‘tarinki ruh va a’lo kayfiyat ulashdi.  

Qator ob’ektlarda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Xorijiy investorlar hamda aholi vakillarining fikr-mulohazalarini, kelgusi rejalarini eshitdi. Ayniqsa, Asaka, Andijon tumanlaridagi sanoat korxonalari, Marhamat tumani, Andijon shahridagi ta’lim, sport muassasalari va boshqa qator ob’ektlarda bo‘lib, tadbirkorlar, pedagoglar, ishchi-xizmatchilar, sportchilar, yoshlar bilan o‘tkazgan suhbat va muloqotlari har bir andijonlikning qalbini to‘lqinlantirdi.  

Davlatimiz rahbari Andijon ahliga munosib turmush sharoitlari yaratish uchun yang-yangi loyihalarni ishga tushirish, yangi issiqlik tarmog‘ini qurish, ko‘p qavatli, zamonaviy turar-joylar barpo etish masalalariga alohida to‘xtaldi.  

Xonobod  shahrida viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida keng ko‘lamli masalalarga to‘xtaldi. Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, Andijon infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish sohalarini yangidan modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning asosi bo‘lgan sanoatni,  mebelsozlik  drayverini yaratish, tibbiyot va farmatsevtika, IT sohalarini rivojlantirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash, klaster korxonalar tashkil etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, mahallani qo‘llab-quvvatlash, buning uchun zarur mablag‘ ajratilishi bo‘yicha bergan topshiriq va ko‘rsatmalari, taklif va tashabbuslari barchamizni behad quvontirdi.  

Prezidentimiz andijonliklarning mo‘’jizalar yaratishga qodir, izlanuvchan, tashabbuskor, har qanday murakkab ishlarning ham uddasidan chiqa oladigan, bunyodkor ekanligiga katta ishonch bildirdi. Biz andijonliklar ana shu ishonchga munosib bo‘lishga intilib, Prezidentimiz qo‘ygan vazifalarni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilamiz.  

Xurshidaxon Xalilova,
O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    54
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+