Ekoturizm – iqtisodiy taraqqiyot omili

03.09.2020, 17:40

Ekoturizm – iqtisodiy taraqqiyot omili

Bugungi kunda ekoturizm butun dunyoda eng serdaromad sohalardan biriga aylandi. Ekspertlarning fikricha, bu tarmoqni yanada rivojlantirish nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal etish, balki ekologik muammolarni bartaraf qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon sayyohlik tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda turizm sanoatida 210 milliondan ortiq ishchi xizmat qiladi va undan olinadigan daromad yiliga 770 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ham boy tabiiy resurslar, betakror o‘simlik va hayvonot olamiga ega. Ushbu salohiyatni asrash va ko‘paytirish maqsadida ko‘plab milliy dastur va loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Boisi, mamlakatimizda ekoturizmning rivojlanishi nafaqat tabiatni muhofaza qilish, ekoturislarni ona tabiatimizga jalb etish, balki iqtisodiy sharoitni yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ekoturizm va uning rivojlanishi nafaqat o‘rganilayotgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga bog‘liq bo‘libgina qolmasdan balki shu hududning tabiiy sharoitiga, unda ekoturistik ob’ektlarning mavjudligiga va ularning geografik o‘rniga ham bog‘liqdir. Chunki tabiiy sharoit xususiyatlari hududning ekoturistik imkoniyatlarini va uning qaysi turlarini rivojlantirish mumkinligini aniqlashga imkon beradi.

Respublikamiz o‘zining turistik resurslari bo‘yicha Markaziy Osiyoda oldingi, dunyoda noyob turistik potensialga ega bo‘lgan 10-15 ta davlat orasida joy egallaydi. Uning hududida har xil tarixiy davrlarga mansub noyob arxitektura, tarixiy va tabiat yodgorliklari mavjud.

O‘zbekistonga turistlarni jalb qiluvchi asosiy omil bu uning maftunkor tabiatidir, uning xilma-xilligidir. Sababi O‘zbekiston iqlimi, ob havosi yil davomida dam olish va ekoturizmni rivojlantirish uchun qulayligi bilan ajralib turadi. Jumladan, geografik o‘rni qulay, tabiiy sharoiti va ekoturistik imkoniyatlari xilma-xil bo‘lgan, sanoat rivojlangan va aholi zich yashaydigan Toshkent viloyatida ekoturlarga talab yuqori.

Chunonchi, viloyatning ekoturistik salohiyati yuqori bo‘lib, uni jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Misol uchun, Bo‘stonliq tumani o‘zining ekoturistik salohiyati bilan viloyatning boshqa tumanlaridan ajralib turadi. Eng muhimi, hududda turizmning ayniqsa, ekoturizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud.

Shu ma’noda bugun tumanda bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 80 ga yaqin davlat ob’ektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bugun ekologik inqirozning sayyoraviy tus olishi insoniyatni tashvishga solmoqda. Ekologik muammolarning dunyo miqyosida haddan tashqari og‘irlashib ketayotgani zamirida tabiatning o‘zini-o‘zi tiklash kuchi pasayayotgani, uning resurslari kamaygani, atrof-muhit ifloslanib, zaharlanib borayotgani yotadi. Bu borada aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish, tabiat ne’matlarini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash o‘ta muhimdir. Zero, ekologik ta’lim-tarbiya tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga egadir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda turistik resurslardan samarali foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini zamon talablariga moslashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi yurtimizga keluvchi sayyohlar sonining ortishi, kelajakda O‘zbekistonni sayyohlar ko‘p keladigan sevimli maskanga aylantirishga xizmat qiladi.

Nodir ABDUVALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

 palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    3293
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Даврон Темиров2020-09-04 11:06:12

Жуда муҳим масалалар кўтарилган.Зеро, экологик таълим-тарбия табиат ва жамият ўртасидаги узвийликни таъминлаш ҳамда табиий барқарорликни сақлашда муҳим аҳамиятга эгалиги ҳозирги кунда ҳеч кимга сир бўлмай қолди.


Fikringizni qoldiring

+