Shu Vatan, shu yurt bizniki, demak, Konstitutsiya ham o‘zimizniki!

27.04.2023, 15:04

Shu Vatan, shu yurt bizniki, demak, Konstitutsiya ham o‘zimizniki!

Qarshi shahridagi M. Toshmuhamedov nomidagi viloyat musiqali drama teatri maydonida O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam” shiori ostida Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlar bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan referendum targ‘iboti yuzasidan navbatdagi event tadbiri  bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov so‘zga chiqib, so‘nggi olti yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlarga qulay sharoit yaratish maqsadida muhim qonunlar, davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilingani, bu normalar endilikda Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotganini ta’kidladi. Yangilanayotgan Bosh qomusimiz bugungi kunda xalqimizni qiynab kelayotgan qator muammolarning maqbul yechimi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratishi barobarida kiritilayotgan o‘zgartishlar va iqtisodiyotimizning harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi, mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratadi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar umumxalq referendumining mazmun-mohiyati, mamlakat Konstitutsiyasini takomillashtirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlikni ta’minlash, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani, uning negizida O’zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotgani, asosiy maqsad inson huquq va erkinliklari kafolatlarini sezilarli darajada kuchaytirish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasini kengaytirishdan iborat ekanini e’tirof etishdi. Shuningdek yangilanayotgan Asosiy qonunning mamlakatimiz fuqarolari hayotidagi o‘rni, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan e’tibor haqida batafsil fikr yuritishdi.

– Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha majburiyat olmoqda, – deydi Qarshi davlat universiteti talabasi Zarina Norboyeva. – Bu normalar, nafaqat biz yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning farovon taqdiri uchun muhimdir. Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda oliy ta’limda akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratadi.

– Yangi tahrirdagi qomusimizda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda, – deydi Yakkabog‘ tumanidagi “Sitora imkon plyus” nodavlat muassasasi rahbari, deputat Nargiza Salomova. – Jumladan, nafaqat bank omonatlari, balki bank operatsiyalari va hisobvaraqlarning ham sir tutilishi kafolatlanayotir. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligining  o‘rnatilishi biz tadbirkorlar uchun katta imkoniyat eshiklarini ochadi.

Davlat tomonidan qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitining ta’minlanishi investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. O’z mulkining daxlsizligiga ishongan tadbirkor yangi-yangi marralar sari intilaveradi.

Konstitutsiyamizning 65-moddasida mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi, xususiy mulk daxlsizligi qonuniy mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Anjuman ishtirokchilari barchani xalqimizning nurli istiqboli, barqaror iqtisodiy taraqqiyotimiz, el baxti va farovonligi kafolati bo‘lgan tarixiy hujjatga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chorladi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    242
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+