Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashdi

21.06.2023, 23:27

Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 iyun kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Navoiy viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Kuvondik Sanakulov olib bordi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida olib borilgan islohot va o‘zgarishlar natijalari Navoiy viloyati misolida yaqqol ko‘zga tashlanayotganligini, viloyat aholisining turmush darajasi oshganligini va buning evaziga odamlarda ertangi kuniga ishonch paydo bo‘lganligini ta’kidladi.

Jumladan, so‘nggi olti yarim yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot 1,4 marta oshib, 67 trillion so‘mga yoki aholi jon boshiga yurtimizda eng yuqori – 63 million so‘mga yetdi, 300 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil qilindi, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar natijasida ularning soni 3 barobar ko‘payib, 10 mingtadan 30 mingtagacha chiqdi, islohotlar natijasida Nurota, Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa, Tomdi, Karmana
va Konimex tumanlari dotatsiyadan to‘liq chiqarildi.

Ijtimoiy sohada ham ko‘plab ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, ushbu davrda viloyatda 1 mingdan ziyod davlat va xususiy bog‘chalar ishga tushishi hisobiga, maktabgacha ta’lim qamrovi 48 foizdan 82 foizga oshdi, 24 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi.

Ma’lumki, Navoiy yurtimiz sanoatining yuragi hisoblanadi. Viloyatning salmoqli hissasi evaziga respublikamizda o‘tgan olti yarim yilda sanoat hajmi 1,5 barobarga oshib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 18 foizdan 25 foizga yetdi, sanoat sohasida
30 milliard dollarlik 570 ta yirik loyihalar amalga oshirildi. Natijada, oltin qazib olish 87 tonnadan 108 tonnaga, mis 104 ming tonnadan 148 ming tonnaga, kumush 113 tonnadan 181 tonnaga yetdi.

Shu bois nomzod uchrashuvda sanoatni yanada jadal suratlarda rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib, o‘z takliflarini bayon etdi.

Unga ko‘ra, kelgusi yetti yilda mamlakatimiz faxri bo‘lgan “Navoiy kon metallurgiya kombinati”da 3 milliard 800 million dollarlik 19 ta loyiha amalga oshiriladi. “Navoiy uran”da 550 million dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirish orqali, uran zaxiralari 67 ming tonnadan 100 ming tonnaga yetkaziladi. Umuman olganda, 2030 yilgacha mis ishlab chiqarish 3,5 barobar (500 ming tonnaga), oltin – 1,5 barobar (155 tonna), kumush – 3 barobar (500 tonna), uran – 3 barobarga (10 ming tonna) oshiriladi.

Shuningdek, iqtisodiyotning “drayver”iga aylangan to‘qimachilik, elektrotexnika, charmsanoat, farmatsevtika, qurilish materiallari, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda xususiy sektorni rivojlantirish uchun yangi yondashuvlarni joriy etish hamda qo‘shimcha xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha maqsadlar bilan saylovchilar tanishtirildi.

So‘ngra Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi, jumladan, Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari yuzasidan ma’ruza qildi.

Unda, avvalo, aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga katta ahamiyat qaratildi. Xususan, viloyatdagi barcha mahallalarda jami 310 ta davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etilishi hisobiga oilalarning maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoji 100 foizga to‘liq qoplanadi.
150 ta tibbiyot muassasasi, jumladan 45 ta oilaviy poliklinikalar barpo etiladi, 200 ta xususiy shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Viloyatda Respublika kardiologiya va Urologiya markazlarining filiallari ishga tushadi, shuningdek, bolalar shifoxonasi, tug‘ruq kompleksi, skrining markazi va reproduktiv salomatlik markazini o‘z ichiga olgan yaxlit kompleks – “Ona va bola” klasteri barpo etiladi.

Tadbirkorlik sohasini rivojlantirish borasidagi vazifalar haqida so‘z borar ekan, kelgusi yetti yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida aholi va biznes sub’ektlariga 4,5 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi, shundan 300 milliard so‘m ehtiyojmand oilalardagi ishsiz fuqarolarga tadbirkorlikni boshlashi uchun foizsiz berilishi, imtiyozli kreditlarning 35 foizi ayollar bandligiga,
40 foizi yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi qayd etildi. Har bir tumanda mono-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va 2030 yilga qadar 100 ming nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi ta’kidlandi.

Umuman, Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yetti yillik dastur qabul qilib, unga jami 27 milliard dollar yo‘naltirilishi qayd etildi.

Uchrashuv so‘ngida partiya faollari nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabat bildirib, undagi barcha tashabbus viloyat aholisining og‘irini yengil qilishga xizmat qilishini va saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    397
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+